• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

E‘LONLAR VA TADBIRLAR

Islom moliyasi orqali moliyaviy ommaboplikni oshirish: mavjud salohiyat va rivojlanish istiqbollari


«ISLOM MOLIYASI ORQALI MOLIYAVIY OMMABOPLIKNI OSHIRISH: MAVJUD SALOHIYAT VA RIVOJLANISH ISTIQBOLLARI»
mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya

AXBOROT XATI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-oktabrdagi PF-6097-sonli “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi va 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-sonli  “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2024-yil 14-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi tomonidan “Islom moliyasi orqali moliyaviy ommaboplikni oshirish: mavjud salohiyat va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Konferensiyada quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy-amaliy ma’ruzalar muhokama qilishi mo‘ljallangan:

1.    O‘zbekistonda islom moliyasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari. Islom va an’anaviy moliya tizimlari o‘rtasidagi bog‘liqliklar hamda o‘ziga xos jihatlari;

2.    Tijorat banklarida islomiy bank xizmatlarini tashkil qilish va  rivojlantirish istiqbollari;

3.    Islom moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarda AAOIFI (Accounting and Auditing Organization for Islamic Financial Institutions) standartlari asosida buxgalteriya hisobini joriy qilish muammolari;

4.    Kapital bozorida islomiy qimmatli qog‘ozlar muomalasini tashkil etish va rivojlantirish istiqbollari;

5.    Sug‘urta xizmatlari ommabopligini oshirishda Takaful islom sug‘urtasining o‘rni va imkoniyatlari.

Ilmiy-amaliy anjuman ishida xorijiy va mahalliy oliy ta’lim, ilmiy tadqiqot muassasalarining professor-o‘qituvchilari, mutaxassislar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar hamda iqtidorli talabalar, vazirlik va korxonalarning rahbar xodimlari va mutaxassislari ishtirok etishlari mumkin.

Anjumanda ishtirok etish uchun ilmiy maqola va tezislar 2024-yil 14-noyabrgacha qabul qilinadi.

Konferensiyaga taqdim etiladigan materiallarga talablar:

 taqdim etiladigan materiallar anjuman ilmiy yo‘nalishlariga oid dolzarb mavzularda, ilmiy tahlil va tugallangan fikrlar asosida, ilmiy-amaliy tavsiyalarni o‘z ichiga qamrab olgan holda, imloviy xatolarsiz taqdim etilishi lozim;

 materiallar o‘zbek, rus va ingliz tillarida taqdim etilishi mumkin;

 ma’ruza tezislari matnlari tahrir qilingan holda A4 o‘lchamda, yuqoridan va pastdan 2 sm, chapdan 3 sm, o‘ngdan 1,5 sm joy qoldirib rasmiylashtiriladi. Yuqori qismda o‘rtada maqolaning nomi, 1,5 intervaldan so‘ng muallifning to‘liq familiyasi, ismi va sharifi, ilmiy darajasi va unvoni, lavozimi, tashkilot nomi, elektron manzili va telefon raqami yoziladi. So‘ngra, 1,0 interval qoldirilib, matnning mazmuni 1,0 intervalli qatorlarda yoziladi. Matnning elektron nusxasi MS Word dasturida, Times New Roman shriftida, 14 kegel kattaligida, 3-5 betdan kam bo‘lmagan hajmda bo‘lishi talab etiladi;

 taqdim etiladigan materiallar anjumanning qaysi ilmiy yo‘nalishiga mo‘ljallanganligi aniq ko‘rsatilishi zarur. Materialda keltirilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi va plagiatdan holiligiga muallifning shaxsan o‘zi mas’ul hisoblanadi. Tashkiliy qo‘mita yuborilgan materiallarni tahrir qilish va tanlash huquqiga ega. Anjuman mavzusiga mos bo‘lmagan, tegishli talablarga javob bermaydigan, ilmiy-amaliy tavsiyaga ega bo‘lmagan va belgilangan muddatdan kechikib topshirilgan materiallar to‘plamga kiritilmaydi va muallifga qaytarilmaydi;

Yuqorida ko‘rsatilgan rasmiylashtirish talablariga javob bermagan tezislar qabul qilinmaydi. Konferensiya to‘plamiga kiritilgan va nashr qilingan har bir tezis Google Scholar bazasida indekslanadi. Shuningdek, dolzarb mavzularga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar “Bank va moliya” ilmiy amaliy jurnalida chop etiladi.

Murojaat uchun manzil: Toshkent shahri, Movaraunnaxr ko‘chasi, 16-uy, 2-qavat, 47-xona “Moliya” kafedrasi.

Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun telefon va telegramm manzili: +60102032373, https://t.me/Khamid_Rakhmatov_H (Raxmatov Xamid), @Jamshid_Sharafetdinovich (Tuxtabayev Jamshid). Materiallarning elektron variantini quyidagi elektron pochta xamidraxmat@gmail.com manzili orqali qabul qilinadi.