O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida 2019-2020 o‘quv yilida 400dan ortiq 1 va 2 kurs tinglovchilari magistratura yo‘nalishida taxsil olishmoqda. Tinglovchilarga o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha professor-o‘qituvchilar tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida, xalqaro standartlarga mos keluvchi bilimlar berib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasiga tinglovchilar Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyuldagi 599-son qaroriga asosan qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida bank, moliya va soliq tizimi hamda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarining boshqaruv kadrlari va mutaxassislari oliy ta’limning davlat ta’lim standartlariga muvofiq ikki yillik o‘quv rejalari asosida tayyorlanadi hamda bitiruvchilarga tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha davlat namunasidagi diplom va magistr darajasi beriladi.
Magistraturaga o‘qishga barcha uchun teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov prinsiplari asosida qabul qilinadi.
Magistratura davrida ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim olayotgan tinglovchilarning asosiy ish joyi va o‘rtacha ish haqi miqdori o‘qish muddati mobaynida saqlanadi. Bunda ish beruvchi tasdiqlangan ish haqi fondi doirasida magistraturada ta’lim olayotgan tinglovchining o‘qishni tamomlash davri yakuniga qadar muddatga tuzilgan shartnoma asosida boshqa xodimlarni tegishli ish joyiga qabul qilishi mumkin.
Akademiya hududlarda zamonaviy sharoitlarda bank, moliya va soliq sohasi boshqaruv kadrlarining kasbiy kompetensiyalariga qo‘yilayotgan talablarni hisobga olib, Akademiya professor-o‘qituvchilarini joylarga chiqishini tashkil etgan holda tegishli sohalarning mahalliy kadrlari uchun sayyor o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etiladi, malakasini oshirish, mahalliy boshqaruv va hududiy rivojlanish sohasidagi chuqur va amaliyotga yo‘naltirilgan bilimlarini, shuningdek strategik rejalashtirish, davlat va hududiy rivojlanish dasturlarini samarali amalga oshirish, gorizontal va vertikal munosabatlarni, normativ-huquqiy hujjatlarni sifatli ijro etish ko‘nikmalari shakllantiriladi.
Sayyor o‘quv-amaliy seminarlar doirasida tinglovchilarda faoliyatni rejalashtirish va ish rejalari («yo‘l haritalari»)ni sifatli ijro etish ko‘nikmalari shakllantiriladi, muntazam ravishda interfaol mashg‘ulotlar va «davra suhbatlari» o‘tkaziladi.