Yangiliklar

image

Professor-o‘qituvchilar va tinglovchilar uchun eng so‘nggi xalqaro tadqiqot natijalari bilan tanishish imkoniyati yaratiladi

O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi Moliya, iqtisodiyot va bank ishi tadqiqotlari tarmog‘i (Finance, Economics and Banking Research Network – FEB-RN) a’zoligiga qabul qilindi.

A’zolikka qabul Akademiyaning xalqaro tan olingan akkreditatsiyalash tizimlarini ta'lim faoliyatiga jalb qilish borasidagi harakatlari natijasi bo‘lib, ushbu xabarni Finance, Economics and Banking Research Network o‘zining linkedin sahifasi orqali rasman tasdiqladi.

Ushbu tashkilotning missiyasi olimlar va amaliyotchilar o‘rtasidagi professional hamkorlik qilish imkoniyatlarini ta’minlash, fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda ishonchli moliyaviy amaliyotlarni rivojlantirishga ko‘maklashish, moliya sohasida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, bu Akademiyaning xalqaro aloqalar yo‘nalishidagi asosiy strategik maqsadlariga mos keladi.

Hamkorlik natijasida Akademiya professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari eng so‘nggi xalqaro tadqiqot natijalari bilan tanishish, o‘z ilmiy tadqiqotlarini xorijiy davlatlarning yetakchi olimlari va ekspertlari bilan muhokama qilish, moliyaviy qarorlarni qabul qilish bo‘yicha ilg‘or bilimlarni o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu yo‘nalishlarga doir muhokamalarning dastlabki ilmiy-tadqiqot seminari joriy yilning 27-avgust sanasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.