Yangiliklar

image

BILIMGA ASOSLANGAN IQTISODIYOT

BUNING AHAMIYATI JUDA YUQORI

Dunyodagi o‘zgaruvchan vaziyat iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash, ishlab chiqaruvchilarning ichki va tashqi bozor sinovlariga bardoshliligini oshirish, aholining yashash sharoitini yanada yaxshilash va inson kapitalini yuksaltirishda ta’sirchan, samarali islohotlar ro‘yobini taqozo etadi. Shu bois, yangi O‘zbekistondagi yangilanishlar boshlangan ilk kunlardanoq ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalarga katta e’tibor qaratila boshladi. Zotan, inson kapitalini kuchaytirish orqali iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish eng to‘g‘ri va muhim tanlovdir.

Belgilangan ustuvor vazifalarni hayotga izchil tatbiq etishda mustaqil qaror qabul qila oluvchi, iqtidorli, malakali kadrlar g‘oyat zarur. Chunki barqaror taraqqiyotga erishish uchun insonga e’tibor hayotiy ehtiyojdir. Buni xalqaro darajada tahlil qilsak, yetarlicha misol topiladi. Masalan, Xitoy inson kapitalini rivojlantirish, texnologiyalar, ilm-fan, ta’lim, iqtisodiyot, sanoat, biznes kabi ko‘plab sohalarda juda katta yutuqlarga erishib, jahon iqtisodiyotining ikkinchi raqamli yetakchisiga aylandi. Natijada xalq farovonligi yuksalib, taraqqiyotning mustahkam asosi yaratildi. Xitoy muhim xalqaro jarayonlarning mas’uliyatli ishtirokchisi sifatida jahon siyosati va boshqaruvida yetakchi o‘ringa ega bo‘ldi.

Izlanishlarga ko‘ra, bilimlar sohasi AQSH iqtisodiyoti o‘sishiga taxminan 15 foiz hissa qo‘shadi. Eng yuqori iqtisodiy o‘sishga erishishda ta’limning ahamiyati katta. Bunday davlatlar qatoriga Janubiy Koreyani ham kiritsak bo‘ladi. Binobarin, uning taraqqiyotini butun dunyo tan oladi.

Bilim, ta’lim-tarbiyaga strategik maqsad sifatida e’tibor qaratilayotgan davlatimizda komil inson tarbiyasi ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shu bois, xorijiy davlatlar bilan erishilgan kelishuv va bitimlarda har bir soha bo‘yicha tegishli kadrlarni tayyorlash, mutaxassislar malakasini oshirish, inson resurslarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Ta’lim va ilm-fan sohasidagi islohotlar bugun amaliy samarasini ko‘rsatishni boshladi. Jumladan, o‘tgan davrda oliy ta’lim muassasalari soni ikki yuzdan oshdi. Maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 76,4 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizgacha yetdi. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari dunyoning nufuzli tashkilotlari reytingida yuqori o‘ringa ega bo‘la boshladi. O‘qitishning ilm-fan, tarbiya sohasida xalqaro tan olingan va amaliyotda muvaffaqiyat qozonib kelayotgan ilg‘or tajribalari asosida mutaxassislar tayyorlash jarayoni tashkil etildi. Akademik faoliyat tashkiliy jihatdan qayta qurilib, xorijiy va mahalliy malakali, tajribali pedagoglar jamoasi shakllantirildi.

Endigi vazifa olingan bilim, o‘rganilgan tajriba va ilmiy tadqiqotlarga, innovatsiyalarga asoslangan kuchli kreativ iqtisodiyotni yaratish, uning barqarorligini ta’minlash orqali esa xalqimizning munosib hayot kechirishini ta’minlash lozim. Yangi texnologiyalar va bilimning iqtisodiyotga kirib kelishi rivojlanishga ijobiy ta’sir o‘tkazadi.

Aholini ishli va qo‘shimcha daromadli qilish uchun yer ajratib berildi. Ammo ichki va tashqi bozor talabi chuqur o‘rganilmagani tufayli bu yil piyoz va tarvuz kabi mahsulotlar sarflangan mehnat hamda mablag‘ga nisbatan arzon narxda sotildi yoki mahsulot dalaning o‘zida qoldirib ketildi. Bu jarayonga mahsulotni saqlash, qayta ishlash va logistika xizmatlarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.

To‘g‘ri, “mahallabay”, “xonadonbay” tizimli ishlar aholiga tashkiliy-moliyaviy ko‘mak berib, bandligini ta’minlashda salmoqli natijalar qo‘lga kiritilyapti. Ammo hududning makro va mikro darajadagi rivojlanishiga ta’sir qiluvchi omillarni keng tadqiq etmay turib ko‘zlangan marraga erishish qiyin, nazarimizda.

O‘rganishlarga ko‘ra, aholining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishida manzilli ishlar bilan bir qatorda kompleks yondashuvlar ham juda zarur. Bular o‘sish ko‘rsatkichi bilan bog‘liq bo‘lgan bilimga tayangan iqtisodiyotga o‘tish asoslarini tadqiq etish, hududlar kesimida ilmiy hamjamiyatning amaliy ko‘magidan foydalanish hamda insonlarning bilim yoki ko‘nikmalarini shakllantirishdir.

Birinchi masala bo‘yicha hududning yillik iqtisodiy o‘sish sur’atini o‘z ichiga olgan panel ma’lumotlar to‘plami nazariy va tajriba asosida o‘rganilishi zarur. Bunda dinamik panelning umumlashtirilgan usuli yordamida olingan natijalar, inson kapitali va ilmiy tadqiqotlar, infratuzilma hamda biznes yuritish qulayligi bo‘yicha ma’lumotlar jamlanib, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash bilan bog‘liq “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

Bilimdan foydalanish, mahalliy ehtiyojga moslashtirish va uni bozorda baholanadigan mahsulotga aylantira oladigan innovatsion tizimlar zarur. Bu bozorga kirishni osonlashtiradi, transport va ishlab chiqarish xarajatini pasaytirib, hosildorlik hamda ishbilarmonlik faolligini oshiradi.

Hozir jahon iqtisodiyoti bilimga asoslanishga jadallik bilan o‘tmoqda va bilimlarni qo‘llab-quvvatlash iqtisodiy o‘sishning muhim omiliga aylanmoqda. So‘nggi globallashuv tendensiyasi barcha qit’a, mintaqa yoki mamlakatlarning global iqtisodiyotda faol ishtirok etishiga olib keldi. Davlatlarning bilimga asoslangan iqtisodiyoti raqobat muhim bo‘lgan muhitni ta’minlaydi. Raqobatli muhit esa narx va sifatga ijobiy ta’sir qilib, bozorda ustunliklar yaratadi.

Ikkinchi masala bo‘yicha hududning iqtisodiy rivojlanishi uchun xizmat qiladigan ilmiy yechimlarni ishlab chiqish zarur. Jarayonda marketing tadqiqotlari, urug‘chilik, hududlarning o‘ziga xos imkoniyati, ekologik vaziyat va tabiiy iqlim sharoiti, samarali boshqaruvni tashkil etish, logistika, infratuzilmani yaxshilash kabi yo‘nalishlarda ilmiy hamjamiyat ko‘magidan foydalanish samaradorlikka erishishda qo‘l keladi. Bunda oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va “aql markazlari”ning ilmiy salohiyatidan keng foydalanish ijobiy samara beradi. Ularni manzilli biriktirish orqali hududlarga mos salohiyatni ilmiy asoslash va shunga mos ravishda “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, investitsiyalarni yo‘naltirish, resurslarni safarbar qilish, bozorga moslashuvchan mahsulotlar yetishtirish borasida muhim yechimlarga kelish mumkin. Bunday yondashuv “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini kuchaytirish va tarkibida qo‘shilgan qiymat yuqori bo‘lgan mahsulotlar ulushini keskin oshirish maqsadlariga erishishga katta yordam beradi.

Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti” g‘oyasi asosida milliy brendlarni xorijiy bozorlarga olib chiqishda ilmiy-amaliy yechimlarni yuzaga keltiradi.

Keyingi masala aholining bilim va ko‘nikmasini shakllantirish bo‘lib, bu borada qisqa muddatli turli kurslarni bevosita hududlarda tashkil etish ijobiy samara beradi. Zero, odamlardagi bilim, ko‘nikma, malaka va boshqa xususiyatlar iqtisodiy taraqqiyot uchun zarur.

Xo‘sh, qayd etilgan masalalarni hal etish orqali qanday natijaga erishish mumkin? Ularning ba’zilariga to‘xtalib o‘tamiz. Jumladan, hududlarni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Unda hududning iqtisodiy ko‘rsatkichlari, iqlim sharoiti, infratuzilma va logistika imkoniyati, ixtisoslashuv aks ettiriladi. Bir yoki bir nechta oliy ta’lim muassasasi tadqiqotchilaridan iborat jamoa hududlarga biriktirilib, ular oldiga yillik yoki besh yillik ilmiy asoslangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha rivojlanish dasturlarini yaratish vazifasi qo‘yiladi. Ekologiya, iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi bilan bog‘liq muammolarni yumshatish bo‘yicha samarali ilmiy yechimlar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, hududdagi har bir odam, jumladan, ayollar va yoshlar o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun imkoniyatlar ilmiy jihatdan tadqiq qilinadi. Bilimlarni ishlab chiqarish va boylikka aylantirish bilan bog‘liq ilmiy asoslar yaratiladi. Hududning investitsiyaviy va eksport salohiyatini oshirish, aholi hamda biznes talablariga javob beradigan zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish bosh konsepsiyalari ishlab chiqiladi.

Aholining daromadini oshirish orqali kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoyaning manzilliligini ta’minlash tizimi ishlab chiqilib, sanoat, xizmat ko‘rsatish kabi hududga mos drayver tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy yondashuvlar amalga oshiriladi. Butun jarayon raqamlashtirilib, ma’lumotlar bilan ishlash osonlashadi. Logistika xizmati va biznes sohasi vakillari uchun tahlil qilish imkoniyati kengayadi. Xulosalar olishga yordam beriladi. Hududlarni rivojlantirishning master rejalari ishlab chiqilib, eksport va turizm salohiyatini oshirish, shu jumladan, “bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarning drayver yo‘nalishlari va o‘sish nuqtalari belgilab olinadi.

Ilmiy hamjamiyat vakillari o‘zlari biriktirilgan hududlarning barqaror rivojlanishi va to‘laqonli salohiyatini ochib beruvchi imkoniyatlarni ilmiy tadqiq qiladi, yillik rivojlanish dasturlarini ishlab chiqadi.

Zarbdor, Uychi, Sayxunobod, G‘ijduvon tajribasi mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlar naqadar hayotiy ekanini namoyon qilmoqda. Hududlarni rivojlantirishning milliy xususiyat va imkoniyatlarini to‘liq hisobga olgan o‘ziga xos modelga aylandi. Bu tajribani tizimli tarzda mamlakatimizning boshqa hududlarida qo‘llash umumiy iqtisodiy taraqqiyotga erishish va xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Bunday yondashuv ilmiy hamjamiyatga jahonning ilg‘or tajribasi, ilmiy va innovatsion yutuqlarini hayotga samarali tatbiq etish uchun keng maydon taklif qiladi. Kreativ iqtisodiyotni yo‘lga qo‘yish uchun o‘zaro fikr-mulohaza almashish va amaliy harakatlarni olib borishga yordam beradi. Chunki kreativ iqtisodiyot dunyo miqyosida iqtisodiy o‘sish, aholini ish bilan ta’minlash, innovatsion rivojlanishning zamonaviy tendensiyalarini o‘zida namoyon qiladi va munosib yechimlarni o‘rtaga tashlaydi.

Jahonda geosiyosiy vaziyat, global iqtisodiyotdagi beqarorlik, oziq-ovqat va energiya resurslari tanqisligi, kambag‘allik, ekologiya muammolari tobora o‘tkir tus olib borayotgan bir sharoitda milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish uchun ilg‘or bilimlarni ishlab chiqarishda qo‘llash va foydalanish juda muhim. Chunki bilim, ta’lim va innovatsiyalar globallashayotgan dunyoda iqtisodiy o‘sishning asosiy ko‘rsatkichlarini ta’minlab beradi. Shu nuqtayi nazardan, hududlar va ilmiy hamjamiyat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik taraqqiyotni yangi pog‘onaga olib chiqadi.

Elmurod HOSHIMOV, Bank-moliya akademiyasi rektori, iqtisodiyot fanlari doktori