Yangiliklar

image

Xalqaro e’tirof

Bank-moliya akademiyasining Moliya kafedrasi dotsenti, PhD Ravshanbek Ramazanovich Qo‘ziyev MDH miqyosida tashkil etilgan — “Ilm-fan sohasidagi xizmatlari uchun” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Mazkur mukofot MDH davlatlari ilmiy hamjamiyatining rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, zamonaviy ilmiy ishlanmalarning amaliyotga joriy qilinishidagi faolligi va yosh avlod uchun ta’lim-tarbiya jarayonidagi samarali xizmatlari uchun taqdim etiladi.

Ravshanbek Qo‘ziyev moliya va iqtisodiyot sohasidagi ko‘p yillik ilmiy izlanishlari, xalqaro miqyosdagi tadqiqotlarda faol ishtiroki va MDH davlatlari hamkorligini mustahkamlashdagi hissasi bilan ushbu e’tiborga sazovor bo‘ldi.

Mukofot tantanali ravishda topshirilar ekan, hamkasblar Qo‘ziyevning ilmiy yutuqlari va uning malakali mutaxassislarni tayyorlashdagi muvaffaqiyatlarini yuksak baholadilar. Ushbu mukofot uning ilm-fan rivojiga qo‘shayotgan hissasining e’tirofi bo‘lib, yangi izlanishlar va yutuqlar sari rag‘batdir.

Bank-moliya akademiyasi jamoasi Ravshanbek Qo‘ziyevni ushbu yuksak mukofot bilan chin yurakdan tabriklaydi va kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.