Koreyalik hamkorlar bilan navbatdagi qo‘shma seminar o‘tkazildi
Xabar berganimizdek, Koreya Respublikasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillaridan iborat delegatsiya amaliy tashrif bilan Bank-moliya akademiyasida bo‘lib turibdi.
Belgilangan dasturga muvofiq kunning ikkinchi yarmida hamkorlikda “AI and Economy” mavzusida qo‘shma seminar tashkil etildi. Unda o‘zbekistonlik va koreyalik olimlar raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt texnologiyalarining iqtisodiy jarayonlarga ta’sirini har tomonlama muhokama qilib, zamonaviy ilmiy qarashlar va amaliy yechimlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Ta’kidlandiki, global iqtisodiyotda yuz berayotgan texnologik yangilanishlarga mos ravishda kadrlar salohiyatini oshirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish hamda raqobatbardoshlikni yuksaltirish maqsadlariga erishish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhim hisoblanadi.
Tadbir davomida “Raqamli bozorlarda raqobat huquqini ta’minlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishdagi yangi chaqiriqlar hamda imkoniyatlar”, “Sun’iy intellekt yordamida O‘zbekistonda moliyaviy inklyuzivlikni oshirish imkoniyatlari”, “Iqtisodiyot sohasida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish tajribalari va natijalari”, “Generativ sun’iy intellekt borasidagi so‘nggi texnologik tamoyillar va rivojlanish yo‘nalishlari”, “Sun’iy intellekt davrida bank tizimi kelajagini belgilashdagi asosiy strategiyalar va modellar” kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Yakunda ishtirokchilar iqtisodiy jarayonlarda sun’iy intellektni samarali qo‘llash, tadbirkorlik va moliya sohalarini raqamli transformatsiya qilish borasida tajriba almashuvini yanada chuqurlashtirish uchun ikki mamlakat o‘rtasida ilmiy hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishib oldilar.