Change School vakillari bilan onlayn muloqot o‘tkazildi
Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov Change School (London, Buyuk Britaniya)ning Rivojlanish bo‘yicha direktori Neil Marshall va Boshqaruvchi direktori Viren Lall bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuvda xalqaro darajada ta’lim dasturlarini rivojlantirish bo‘yicha potensial imkoniyatlar va kelajakdagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, tomonlar xalqaro qo‘shma dastur doirasida kadrlar tayyorlash, o‘quv jarayonlarini takomillashtirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish va kadrlar tayyorlash sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish masalalarida o‘zaro fikr almashdilar.
Muloqot davomida ta’lim sohasida global yondashuvlarni qo‘llash va Change School hamda Bank-moliya akademiyasi o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi. Xususan, ikki tomonlama talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va xalqaro darajadagi malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va global ta’lim bozorida raqobatbardosh dasturlarni ishlab chiqish borasida o‘zaro vazifalarni kelishib oldilar.