SHHT banki — mintaqa uchun taraqqiyot kafolati
Xitoyning Shimoli-Sharqidagi port shahar — Tyanszinda o‘tkazilgan sammit Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001 yilda tashkil etilganidan buyon uyushtirilgan eng yirik tadbir bo‘ldi. Dastlab mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va chegara masalalarini hal qilish maqsadida tuzilgan tuzilma vaqt o‘tishi bilan o‘z funksiyalarini kengaytirib, o‘zgaruvchan tashqi sharoitlarga moslashdi. U xavfsizlik sohasidagi aloqalarni mustahkamlash bilan bir qatorda, ko‘p tomonlama savdo tizimini qo‘llab-quvvatlash, raqamli iqtisodiyot, ilmiy-texnik innovatsiyalar mavzulari muhokama qilinadigan maydonga aylandi.
Bu safar yetakchilar 20 dan ortiq hujjatlarni, jumladan, Tyanszin deklaratsiyasini qabul qildi, SHHTni 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasini tasdiqlashdi. Bunday hujjatni ishlab chiqish tajribasi oldindan mavjud: birinchi strategiya 2015 yilda amalga kiritilgan.
E’tiborlisi, so‘nggi sammitda SHHT Taraqqiyot bankini tashkil etishga kelishib olindi. Garchi hozircha bu bank rasman ochilmagan bo‘lsa-da, uning faoliyati boshlanishi O‘zbekiston va boshqa a’zo mamlakatlar uchun bir qator manfaatlarni keltirishi mumkin. Mazkur Taraqqiyot bankining ta’sis etilishi haqida Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan sammit yakunlari bo‘yicha qabul qilingan deklaratsiyada aytilgan.
Aytish joizki, SHHT bankini yaratish g‘oyasi ilk bor 2010 yilda rasman e’lon qilingan. Global moliyaviy inqirozdan keyin Xitoy o‘z iqtisodiy diplomatiyasini faollashtirdi. Pekin bu inqirozni nisbatan yengil holda boshidan kechirib, xorijiy investitsiyalar va moliyaviy yordam dasturlarini kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 2011 yilda SHHT Davlat rahbarlari kengashida investitsiya va moliyaviy hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiluvchi ko‘p tomonlama loyihalarni amalga oshirish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning mumkin bo‘lgan mexanizmlarini ko‘rib chiqish masalasi ko‘tarildi. Shu bilan birga, Pekin yuanni internatsionalizatsiya qilish va Markaziy Osiyo davlatlari bilan milliy valyutalarda hisob-kitobni amalga oshirish tashabbusini rivojlantirdi.
2008 yildan so‘ng Xitoy Eksport-import banki SHHT a’zo davlatlari uchun maxsus kredit liniyasini ishga tushirdi.
Qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishga e’tibor qaratiladi
Tashkil etilishi rejalashtirilayotgan moliyaviy institutning asosiy yo‘nalishlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bank, birinchi navbatda, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishga e’tibor qaratadi. Bu transport koridorlari, energiya tizimlari va kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.
Shu o‘rinda, bu O‘zbekiston uchun foydalimi degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Shubhasiz, yangi bankning faoliyat boshlashi O‘zbekiston uchun ko‘plab manfaatlar olib keladi. Jumladan, temir yo‘llar, avtomagistrallar, elektr stansiyalari va gaz quvurlarini qurish loyihalari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Bu ish joylari yaratish va aholining turmush sharoitini yaxshilashga olib keladi. Startaplar va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni moliyalashtirish mamlakatimizning ilmiy-texnologik salohiyatini mustahkamlaydi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va ekologik toza texnologiyalarni joriy qilish orqali barqaror rivojlanishga erishish mumkin.
Umuman, bank SHHTning jahon iqtisodiyotidagi mavqeini mustahkamlab, global moliyaviy jarayonlarda faolroq ishtirok etish imkoniyatini beradi.
Tashkilotga a’zo davlatlar deklaratsiyada tashkilot hududida iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish uchun moliya sohasidagi hamkorlikning muhim rolini qayd etdi. Ular, shuningdek, o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalarning ulushini asta-sekin oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish muhimligini ta’kidlashdi.
Taraqqiyot banki a’zo mamlakatlar rezidentlariga birlashma ichida erkin ravishda xorijiy qimmatli qog‘ozlarni sotish va sotib olish, shuningdek, mustaqil hisob-kitob tizimini ta’minlash imkonini beradi. Asosiy maqsad — davlatlarning o‘z to‘lov infratuzilmasini va mustaqil depozitariysini yaratish. Yangi bank, birinchi navbatda, energetika va infratuzilma sohalaridagi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish vositasiga aylanishi kerak. Raqamli hisob-kitoblarga alohida e’tibor qaratiladi.
Bankning asosiy vazifasi — qatnashchilarning hisob-kitoblar va investitsiyalar uchun barqaror platformani shakllantirish hisoblanadi. Ekspertlar ta’kidlashicha, loyihaning muvaffaqiyati ishtirokchi davlatlarning o‘z tizimlarini sinxronlashtirishga va birlashma doirasida kapitalning erkin aylanishiga ruxsat berishga tayyorligiga bog‘liq bo‘ladi.
Iqtisodiy hamkorlikning zamonaviy bosqichi
Zamonaviy bosqichda iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishi SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning muhim jihatlaridan biriga aylandi. A’zo davlatlarning o‘zaro hamkorligida moliyaviy masalalar ham ustuvor o‘rin tutadi. Xususan, 2005 yilda SHHT Banklararo birlashmasi tashkil etildi. Bu a’zo mamlakatlarning eng yirik banklarini o‘z ichiga olgan maslahat va muvofiqlashtiruvchi tuzilmadir. U SHHT Taraqqiyot bankini yaratish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lgan.
Markaziy Osiyoning barcha davlatlari Taraqqiyot bankini tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.
Ehtimoliy SHHT banki atrof-muhitni muhofaza qilish kabi ijtimoiy ahamiyatga ega yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlashi muhim. Shu paytgacha bu yo‘nalish bilan bog‘liq ko‘plab masalalar uning faoliyati doirasidan tashqarida qolib ketdi. Tashkilot mavjud bo‘lgan barcha yillar davomida daryolarning transchegaraviy ifloslanishi muammosini hal qilish, transchegaraviy suv havzalaridan suv olish hajmi masalasini tartibga solish bo‘yicha hech qanday samarali choralar ko‘rilmadi.
Xitoylik tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, Pekinning Markaziy Osiyo strategiyasi SHHTga tayanib mintaqa muammolarini hal qilishda faol ishtirok etish, mintaqa mamlakatlari bilan munosabatlarni rivojlantirish, barqarorlik va farovonlikka ko‘maklashishga qaratilgan.
Bankning geosiyosiy ahamiyati ham katta. SHHT Taraqqiyot banki Jahon banki va Xalqaro valyuta fondiga muqobil sifatida qaraladi. Bu tuzilma ishtirokchi davlatlarga o‘z iqtisodiy siyosatlarida ko‘proq mustaqillikka ega bo‘lish va iqtisodiyotlarini tashqi bosimsiz rivojlantirishga imkon beradi. Taraqqiyot bankini tashkil etish tashkilotning jahon iqtisodiyotidagi mavqeini mustahkamlaydi, unga global moliyaviy va iqtisodiy jarayonlarda faolroq rol o‘ynashga imkon beradi. Bank SHHTga a’zo mamlakatlarda kambag‘allikni qisqartirish va turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish ehtimoli nuqtayi nazaridan a’zo mamlakatlarga jahon iqtisodiyotida o‘z raqobatbardoshligini oshirishga imkoniyat yaratadi. Mazkur moliyaviy muassasa tomonidan rag‘batlantiriladigan iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Umuman olganda, SHHT Taraqqiyot banki iqtisodiy rivojlanish, mintaqaviy integratsiya va tuzilmaning jahon iqtisodiyotidagi rolini oshirish uchun muhim vosita bo‘lish salohiyatiga ega. Bankning investitsiyalari va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishiga, mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishiga va aholi turmush darajasining oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq uning muvaffaqiyati ko‘plab omillarga, jumladan, samarali boshqaruvga, operatsiyalarning shaffofligiga va kapital jalb qila olish qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Elmurod HOSHIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi rektori, iqtisodiyot fanlari doktori.
Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi, 2025 yil 3 oktyabr, № 204 (9099)