• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

Yangiliklar

image

Iqtisodiy rivojlanish xalq farovonligini ta’minlaydi

Mamlakatimizda 2016 yildan xalqimiz hayotini yanada yaxshilash va sifatli ish o‘rinlarini ko‘paytiradigan biznes uchun qulay muhitni yaratish maqsadida tizimli islohotlar boshlandi va uning samarasi bugun amalda o‘z aksini topyapti.

Izchil islohotlar isboti shuki, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sib borayotgan va o‘rtacha daromadli mamlakat maqomiga ega bo‘ldi. Prognoz ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2022 yilda tariximizda ilk bor YAIM hajmi 80 mlrd. AQSH dollaridan oshgan bo‘lsa, 2025 yilga borib bu ko‘rsatkich 104-110 mlrd. dollarga yetishi taxmin qilinyapti. Murakkab geosiyosiy vaziyatda ham iqtisodiyotning o‘sish sur’ati 2022 yili 5,7 foizni tashkil etdi.

Xalqaro miqyosdagi murakkab vaziyatga qaramasdan, asosiy iste’mol tovarlari narxlarining oshishi tufayli vujudga kelgan ijtimoiy muammolarni bartaraf etish hamda aholining to‘lov qobiliyati barqarorligini ta’minlash maqsadlari izchillik bilan amalga oshirildi. Jumladan, o‘tgan yili tarixda birinchi marta pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqildi. Kam ta’minlangan 2 milliondan ortiq oilaga davlat tomonidan ijtimoiy yordam ko‘rsatildi va bu yo‘nalishga ajratilayotgan mab lag‘lar esa 7 barobar ko‘paytirilib, yiliga 11 trillion so‘mga yetkazildi. Shuningdek, joriy yilda davlat investitsiya dasturlari mahalla darajasiga tushirilib, aholi tomonidan taklif berilgan suv, elektr energiyasi, yo‘l, maktab kabi yo‘nalishlar bo‘yi cha loyihalar uchun 8 trillion so‘m ajratilishi belgilandi.

Turli global omillar sababli yuzaga kelgan inflyatsion bosimlar ta’sirida 2022 yildagi inflyatsiya darajasi 12 foiz ko‘rsatkich atrofida saqlab qolindi. Jahon miqyosda iqtisodiy mavhumliklar davom etishi ehtimoli yuqori bo‘lsa-da, 2023 yilda inflyatsiya 9,5 foizgacha pasayishi kutilyapti.

Qayd etish kerakki, xalqaro munosabatlardagi noaniqliklarga qaramasdan, mamlakatimizda inflyatsiya darajasini bir xonali raqam atrofida saqlab qolish va narx-navo barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda ichki bozorni iste’mol tovarlari bilan to‘ldirish, asosiy iste’mol tovarlari narxlari mavsumiy tebranishlaridan kelib chiqib, “xatar darajasining tahlili” tizimini joriy qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Inflyatsiyaga nomonetar omillar ta’sirini pasaytirish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilyapti. Pul-kredit siyosatining qat’iylashtirilishi va davlat tomonidan ichki narxlar keskin oshib ketishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar tashqi inflyatsion xatarlarning ichki bozorga ta’sirini ma’lum darajada yumshatishga xizmat qildi.

O‘zbekiston iqtisodiy rivoj la nishda bozor munosabatlariga yuz tutar ekan, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida bo‘lgani kabi budjet-soliq siyosatida ham chuqur islohotlarni amalga oshirishga to‘g‘ri keldi. Hozirgi sharoitda ishlab chiqilgan davlat budjet-soliq siyosati konsepsiyasining maqsadi iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligini oshirish asosida jamiyat a’zolarining turmush farovonligi darajasini ko‘tarishdan iborat.

Mamlakatimizda amalga oshi rilayotgan soliq siyosati biznes sohasini rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda soliqlarning umumiy soni 13 tadan 9 taga tushirildi. Mol-mulk, shaxsiy daromad va ijtimoiy soliq stavkalari ikki barobar pasaytirildi. Import bo‘yicha 6 mingga yaqin boj stavkalari ham kamaytirildi. Shuningdek, o‘tgan besh yil ichida 200 ga yaqin litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi yoki soddalashtirildi. Tadbirkorlik subyektlari zimmasidagi soliq yukini yanada kamaytirish hamda soliq ma’murchiligini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.

2023 yildan tuman va shaharlar tadbirkorlik uchun har tomonlama rivojlangan, infratuzilmasi yaxshi, sharoiti nisbatan qoniqarli, jozibadorligi yetarli bo‘lmagan va sharoiti og‘ir bo‘lgan toifalarga ajratiladi. Bunda aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i, ijtimoiy soliq stavkalari toifadan kelib chiqib belgilanadi. Yangi tartibga asosan, sharoiti og‘ir hududdagi tadbirkorlar yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisoblangan summaning atigi 1 foizini to‘laydi. Yakka tadbirkorlar qat’iy stavkadagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi. Kredit olishda ham ma’lum foiz stavkalari qo‘llanib, infratuzilma xarajatlarini davlat tomonidan qoplashda bir qator yengilliklar beriladi.

Biznesga soliq yukini kamaytirish bo‘yicha ishlar davom ettirilib, joriy yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15 foizdan 12 foizga pasaytirildi. Buning natijasida kamida 14 trillion so‘m mablag‘ tadbirkorlar ixtiyorida qoladi.

Bilamizki, investitsiyasiz iqtisodiyot rivoj topmaydi. Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, so‘nggi olti yilda investitsiyalar hajmi yalpi ichki mahsulotning 30 foizidan oshdi. 2023 yili qariyb 30 milliard dollar sarmoya jalb qilinadi, shundan 25 milliard dollar xususiy investitsiyalar bo‘ladi.

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida 2030 yilga borib jon boshiga hisoblaganda O‘zbekistoning aholi daromadlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishi maqsad qilingan. Bunga xususiy sektorni rag‘batlantirish va uning ulushini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish orqali erishish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va uning jozibadorligini oshirish, kelgusi besh yilda 120 milliard AQSH dollari, jumladan, 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish choralarini ko‘rish, davlat-xususiy sheriklik asosida energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ekologiya, kommunal xizmatlar, suv xo‘jaligi va boshqa sohalarga 14 milliard AQSH dollariga teng investitsiya jalb etish, respublika hududlari va xorijiy mamlakatlar biznes vakillari o‘rtasida tashqi iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish ko‘zlangan.

Raqamlarga e’tibor qaratsak, oxirgi besh yilda iqtisodiyotimizga jalb qilingan yillik xorijiy investitsiyalar hajmi 3,5 barobar oshib, umumiy qiymati 25 milliard dollarni tashkil etdi. Buning hisobidan 59 mingta investitsiya loyihasi amalga oshirilgani bois mamlakatimizda 2,5 milliondan ortiq yangi ish o‘rni yaratishga erishildi. Umuman olganda, o‘tgan besh yil davomida olib borilgan islohotlar o‘z ijobiy natijalarini berdi. Iqtisodiyotning yillik o‘rtacha o‘sishi – 5 foizni, sanoat sohasida esa 8 foizni tashkil etgani ham buning yaqqol isbotidir.

O‘zbekiston yaqin yillarda Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun aniq qadamlar qo‘ymoqda. Hozirning o‘zida respublikamizda mahsulot ishlab chiqaruvchilar erkin savdo orqali 280 million iste’molchisi bo‘lgan mintaqaviy bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining kengaytirilgan preferensiyalar tizimi “GSP+” doirasida O‘zbekistondan 6 mingdan ortiq mahsulot turlarini Yevropa bozoriga imtiyozli shartlarda eksport qilish mumkin. Mavjud transport koridorlarini diversifikatsiya qilish maqsadida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Transafg‘on temir yo‘li orqali Janubiy Osiyoga, O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li orqali Osiyo – Tinch okeani mintaqasiga hamda Janubiy Kavkazni kesib o‘tadigan multimodal transport koridori orqali Yevropa mamlakatlariga yetkazish uchun imkoniyatlar yaratish bo‘yicha ham amaliy harakatlar olib borilayotgani hammamizga yaxshi ma’lum.

Tan olish kerak, xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning investitsiyalarni jalb etish, iqtisodiyotni liberallashtirishdagi qadamlarini e’tirof etmoqda. O‘zbekistonning ochiqlik siyosati G‘arbiy Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish garovidir. O‘zbekiston “GSP+” statusini olgan bo‘lib, ayni chog‘da mamlakatni Yevropada yaxshi bilishadi.

O‘zbekistonning xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan siyosati butun Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi. Bu siyosat natijasida yo‘lga qo‘yilgan xalqaro Toshkent investitsiya forumi esa butun Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyotiga xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, mintaqa tadbirkorlari bilan xorijlik ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish uchun doimiy platformaga aylanmoqda. Chunki Markaziy Osiyo – yagona iqtisodiy makon va yagona investitsiya bozoridir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni teran tahlil qildi hamda istiqboldagi dolzarb vazifalarni belgilab berdi. Mazkur tarixiy hujjatda yurtimizdagi har bir sohani rivojlantirishga qaratilgan muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Ularning ro‘yobi xalqimizning azaliy orzusi – yanada farovon hayot sari yetaklaydi.

36 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan O‘zbekiston Markaziy Osiyoning iqtisodiy rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. 2030 yilga borib O‘zbekiston Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida ishchi kuchi bo‘yicha beshinchi o‘ringa ega bo‘ladi. Shu bois rivojlanish tendensiyalarini saqlab qolish va uning o‘sishi uchun ta’limni isloh qilishga katta e’tibor qaratilyapti. “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilgan joriy yilda ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bepul ovqatlanishi uchun 2,3 trillion so‘m ajratiladi.

O‘zbekiston inson kapitali borasida yuksak salohiyatga ega davlat. Bu tizimga kiritilgan investitsiya ham istiqbolli. Zero, kelgusi besh yilda maktabgacha ta’lim sohasida 7 mingdan ziyod yangi muassasalar tashkil etish orqali qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan 80 foizga yetkazish, maktab ta’limi tizimi uchun o‘quv dasturlari va darsliklarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘liq qayta ishlash va qo‘shimcha 1 million 200 ming o‘quvchi uchun yangi maktablar barpo etish, oliy ta’lim sohasidagi qamrov darajasini 50 foizga yetkazish belgilanmoqda. Maqsad iqtisodiyotning drayver tarmoqlarini malakali mutaxassislar bilan to‘liq ta’minlashdan iborat.

Aholimizning turmush sharoitini yaxshilash va farovon hayot kechirishini ta’minlash bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Qishloq joylardagi mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish, ishsizlik va kambag‘allikka barham berish kabi masalalar islohotlar ko‘lamini kengroq olishni taqozo qiladi. Shu bois so‘nggi yillarda yer munosabatlari bo‘yicha katta ishlar boshlandi. Birgina o‘tgan yili 100 ming gektar ekin maydoni aholiga dehqonchilik qilish uchun ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berildi. Bu bugungi geosiyosiy vaziyat, ekologik inqiroz, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishlari natijasida yuzaga kelgan bir sharoitda 1,5 million tonna qo‘shimcha oziq-ovqat yetishtirish imkonini yaratdi. Shuningdek, aholining muhim daromad manbaiga ega bo‘lishida, oziq-ovqat tanqisligining oldini olish va narxlarning barqarorligini ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.

Yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati natijasida hozirgi kunda O‘zbekiston uzum, poliz ekinlari, mevalar yetishtirish va eksport qilish bo‘yicha jahondagi yetakchi mamlakatlar qatoriga kirdi. Qishloqlarda tashkil qilingan 400 mingta yangi dehqon xo‘jaliklari 1 million 200 mingdan ziyod odamlar bandligini ta’minlashga xizmat qildi. 2023 yili ham 100 ming gektar qo‘shimcha ekin maydonlarining aholiga ajratilishi ko‘zda tutilyapti va qariyb 350 mingta yangi dehqon xo‘jaligi tashkil etilishi belgilab olingan.

Darhaqiqat, O‘zbekistonda inson qadrini oshirishga qaratilgan ulkan maqsadlar yo‘lida islohotlar jadal amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, 2026 yilgacha aholi o‘rtasida kambag‘allikni ikki baravar kamaytirish, shuningdek, 2030 yilga borib daromad darajasi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shilish ko‘zda tutilgan. Buning uchun YAIMning o‘sish sur’atlari hozirgi darajadan ancha yuqori bo‘lishi talab qilinadi.

Amalga oshirilayotgan islohotlarda xususiy sektor o‘sishini rag‘batlantirish va barqaror ish o‘rinlarini yaratish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini isloh etish, fuqarolar manfaatlariga va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladigan dasturlarga investitsiya kiritish, ekologik barqaror kelajakni barpo etishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini alohida ta’kidlash joiz.

Iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashning kafolati bo‘lgan inson kapitalini rivojlantirish qo‘lga kiritiladigan yutuqlarning salmoqli bo‘lishiga xizmat qiladi. Shu bois ta’lim sifatiga alohida e’tibor qaratilib, O‘zbekistonda zamonaviy voqelik va tendensiyalarni hisobga olgan holda raqamli iqtisodiyotga o‘tish boshlandi. 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi asosida raqamli iqtisodiyot va “elektron hukumat”ni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli vazifalar va loyihalar amalga oshirildi.

Bugungi kunda raqamli iqtisodiyotning mamlakat YAIMdagi ulushi 2,2 foizni tashkil etmoqda. “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni amalga oshirish orqali raqamli iqtisodiyotga o‘tishning huquqiy asoslari yaratildi. Buni O‘zbekistonning zamonaviy iqtisodiyotini yaratish va shu orqali jahon iqtisodiy taraqqiyoti tamoyillari bilan moslashtirishga qo‘yilgan yana bir ham huquqiy, ham amaliy qadam deyish mumkin. Chunki raqamli iqtisodiyot negizida kreativ iqtisodiyot, ya’ni tinimsiz yaratuvchanlikka tayangan iqtisodiyot turibdi.

O‘zbekiston barqaror rivojlanish va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish uchun raqamli iqtisodiyotni hayotga tatbiq etish va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhasiga singdirish yo‘lidan bormoqda. Bu qadamlar taktik emas, balki strategik ahamiyatga ega bo‘lib, uzoq yillarni o‘z ichiga oladi. Mamlakatimizda raqamli industriyani jadal rivojlantirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad milliy iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilgani bejiz emas. Ilmsiz, ma’rifatsiz jamiyat va mamlakat taraqqiyotini tasavvur qilish mushkul. Shu bois mamlakatimizda ilm-ma’rifatga alohida urg‘u berilib, bu orqali raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari kun tartibiga qo‘yildi. Bu O‘zbekiston tanlagan yo‘l faqat bir manzilga olib borishini, ya’ni iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy jihatdan kuchli, bozor iqtisodiyoti qonunlari to‘liq amal qiladigan jamiyat qurishning yangi bosqichiga o‘tganimizni yaqqol ifoda etadi. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, pirovardida korrupsiyaga barham berish imkonini yaratar ekan, barcha jabhada bo‘lgani kabi mamlakatimiz ta’lim tizimida ham sezilarli ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Iqtidorlilarni tanlash va tarbiyalash, ularni kasbga, ilm-fanga to‘g‘ri yo‘naltirish mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihati, avvalo, aholi eng ko‘p to‘qnash kelayotgan sohalarni raqamlashtirish, odamlarning og‘irini yengil qilishga ustuvorlik qaratish lozimligiga alohida e’tibor berilyapti. Shu maqsadda sog‘liqni saqlash, kadastr, ijtimoiy himoya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim yo‘nalishlarini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar belgilab olindi. Xususan, “elektron poliklinika”, “elektron kundalik”, “elektron darslik”, “o‘qituvchilarni baholash” tizimlarini barcha hududda joriy etish ana shular jumlasiga kiradi.

Xalqimiz kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarni sezar ekan, avvalambor, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonchi va rag‘bati oshadi. Buning natijasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda faollik kuzatiladi, yurt ravnaqi yo‘lida daxldorlik hissi ortadi, faol fuqarolik pozitsiyasi mustahkamlanadi.

Ishonchimiz komilki, O‘zbekiston iqtisodiyoti transformatsiyasi sharoitida barqaror rivojlanish chora-tadbirlari o‘z samaralarini beradi va yangi O‘zbekistonni barpo etish, uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulug‘vor maqsadlar ro‘yobiga yetaklaydi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘tgan qisqa davr mobaynida milliy iqtisodiyot tarkibiy tuzilishini takomillashtirish, sanoatni rivojlantirish, oziq-ovqat, energetika va transport xavfsizligini ta’minlash kabi murakkab vazifalar yechimiga muvaffaqiyatli erishildi. Zero, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida xalqimizning turmush darajasini ko‘tarish maqsadlari mujassam.

Nodir JUMAYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Elmurod HOSHIMOV, Bank moliya akademiyasi rektori v.b., iqtisodiyot fanlari doktori