• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

Yangiliklar

image

Yaponiyalik hamkorlar bilan aloqalar yangi bosqichga ko‘tariladi

Bugun, 14-fevral kuni Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti (Policy Research Institute Ministry of Finance Japan) ijrochi vitse-prezidenti, BMA faxriy birinchi prorektori Ono Heihachiro boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasiga keldi.

Yaponiyalik olimlardan iborat delegatsiya a’zolari dastlab Akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ularga o‘quv jarayonlari, texnik imkoniyatlar, o‘quv adabiyotlari haqida ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng, Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti hamda Bank-moliya akademiyasi tomonidan qo‘shma onlayn seminar tashkil etildi. Unda “Ochiq bank evolyutsiyasi” hamda “Yaponiya davlat tizimida moliyaviy hisob” mavzulari tinglovchilar e’tiboriga havola qilindi. Ma’ruzalar Xiromi Yamaoka va Yasunori Yamasaki tomonidan taqdim etildi.

Kunning ikkinchi yarmida Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti hamda Bank-moliya akademiyasi rasmiylari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda hamkorlikning bugungi holati tahlil qilinib, kelgusidagi hamkorlik rejalari muhokama qilindi. Jumladan, hamkorlik o‘rnatilgan 26 yillik davr mobaynida iqtisodiyot sohalari uchun tayyorlangan mutaxassislarning bugungi darajasi, erishgan yutuqlarini tahlil qilgan holda kelgusi rejalarni belgilab olish muhim ekanligi qayd etildi.

Shuningdek, uchrashuv jarayonida ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv adabiyotlari fondini kengaytirish kabi faoliyatga doir dolzarb vazifalar bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.

Amaliy tashrif ertaga ham davom etib, Yaponiya delegatsiyasi a’zolari hamkorlikdagi qo‘shma olayn seminarda ishtirok etadilar hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazadilar.