“Markaziy Osiyo va Kavkaz” nomli yozgi maktab faoliyatini an’anaviy tarzda davom ettiradi
Bugungi kunda Bank-moliya akademiyasi mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida nufuzli xorijiy ta’lim muassasalari va moliya institutlari bilan faol hamkorlik olib bormoqda. Jumladan, 1997-yildan boshlab Akademiya Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti (Policy Research Institute Ministry of Finance Japan) bilan yaqin hamkorlik qilib keladi. Aytish o‘rinliki, mazkur hamkorlik bank-moliya sektori uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bilan birga, o‘zbek-yapon hamkorligi va millatlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Ayni hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti ijrochi vitse-prezidenti, BMA faxriy birinchi prorektori Ono Heihachiro boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Bank-moliya akademiyasida bo‘ldi.
Dastlab yaponiyalik olimlardan iborat delegatsiya a’zolari Akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi, ularga Akademiyada bakalavr darajasidan fan doktori darajasigacha bo‘lgan uzluksiz ta’lim tizimi, o‘quv jarayonlari, texnik va dasturiy ta’minot, o‘quv adabiyotlari haqida ma’lumotlar berildi.
Tashrif davomida o‘zaro belgilangan dastur asosida Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti hamda Bank-moliya akademiyasi tomonidan qo‘shma onlayn seminar tashkil etildi. Unda dunyo miqyosida tan olingan yaponiyalik ekspertlar tomonidan ma’ruzalar o‘qildi. Jumladan, Xalqaro valyuta fondi, Xalqaro Bazel qo‘mitasi va Yaponiya Markaziy banki kabi nufuzli tashkilotlarning turli qo‘mitalari va departamentlarida bosh direktor vazifalarida faoliyat yuritgan, shuningdek, Yaponiya Markaziy bankidagi FinTech Center asoschisi, moliya va bank sohasida xalqaro darajadagi ekspert Yamaoka Hiromi tomonidan “Ochiq bank evolyutsiyasi” mavzusida ma’ruza o‘tildi. Ma’ruzada tijorat banklarining raqamlashuvi, raqamli pullarni joriy etilishi va ularni tartibga solish bilan bog‘liq dolzarb masalalar atroflicha muhokama etildi.Shundan so‘ng, Yaponiya Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish direktoratining bosh direktori xalqaro darajadagi ekspert Yamasaki Yasunori “Yaponiya davlat tizimida moliyaviy hisob” mavzusida ma’ruza qildi. Janob Yamasaki Yasunori o‘z ma’ruzasida Yaponiyadagi moliyaviy holat, Yaponiyadagi budjet va hisob tizimi, davlat moliyaviy hisoboti asosida moliya tizimining tahlili kabi amaliy masalalarni Yaponiya tajribasi asosida atroflicha yoritib berdi.
Seminarning ikkinchi kunida Yaponiya soliq tizimida 30 yildan ortiq tajribaga ega xalqaro toifadagi ekspert, Indoneziya Soliq direktoratiga JICA tomonidan tayinlangan bosh maslahatchi professor Kosugi Naofumi “Xalqaro soliqqa tortishdagi so‘nggi o‘zgarishlar – bazaning eroziyasi va foydaning o‘zgarishi” ma’ruza qildi. U o‘z ma’ruzasida xalqaro soliqqa tortish amaliyoti, transmilliy va IT kompaniyalarni soliqqa tortish masalalari, ikki tomonlama soliqqa tortish muammolari va uni hal etish yo‘nalishlari va narxni transfer qilish usullari xalqaro amaliyotda qanday amalga oshirilishi to‘g‘risida keng yoritib berdi.
Tashrif dasturi doirasida Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti hamda Bank-moliya akademiyasi rasmiylari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Unda hamkorlikning bugungi holati tahlil qilinib, kelgusidagi hamkorlik rejalari muhokama qilindi. 1997 yildan hozirgi davrgacha Akademiya tinglovchilarini bevosita ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganishini tashkil etish maqsadida Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari institutining “Markaziy Osiyo va Kavkaz” nomli yozgi maktabida 200 dan ortiq tinglovchilar uch haftalik stajirovkani Yaponiya Hukumatining to‘liq granti asosida o‘tagan. Pandemiya tufayli ushbu an’anaviy yozgi maktab o‘z faoliyatini onlayn tarzda tashkil etgan edi. Uchrashuvda joriy yildan boshlab ushbu an’anaviy yozgi maktab ishini qayta tiklagan holda Akademiya tinglovchilarining 8 nafarini 3 haftalik stajirovkaga yuborishga kelishib olindi. Shuningdek, o‘zaro kelishuv asosida Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari institutida amalga oshiriladigan davriy ilmiy seminarlar va ilmiy muhokamalarda Akademiya professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari hamda tinglovchilarining onlayn tarzda faol ishtiroki asosida bilim va ko‘nikmalar transferini amalga oshiriladi.
Uchrashuvda hamkorlik o‘rnatilgan 1997-yildan boshlab iqtisodiyot va bank-moliya sektori uchun tayyorlangan mutaxassislarning kasbiy rivojlanishini tahlil qilgan holda kelgusi rejalar belgilab olindi. Ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv adabiyotlari fondini kengaytirish kabi faoliyatga doir dolzarb vazifalar bo‘yicha rejalar muhokama qilinib, ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti vakillari Bank-moliya akademiyasi birinchi faxriy prorektori sifatida Akademiya boshqaruv jarayonida ham bevosita ishtirok etishi an’anaga aylangan.
Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari institutining “Markaziy Osiyo va Kavkaz” nomli yozgi maktabida Akademiyadan qatnashgan ishtirokchilar uchun an’anaviy tarzda amalga oshirib kelinadigan yillik tadbir ham pandemiyadan so‘ng ilk bor qayta tashkil etildi. Tadbirda yozgi maktabda ishtirok etgan bir qator Akademiya bitiruvchilari ishtirok etdi.