Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlanadi
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori v.b. Shavkat Husainov hamda Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetining Xalqaro iqtisodiyot va siyosat instituti direktori Marina Utevskaya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan onlayn muloqot davomida ma’lum qilindi.
Muzokaralar jarayonida ma’lum qilinganidek, tomonlar 70412203 – Loyiha boshqaruvi (Project management) dasturi doirasida magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash loyihasini amalga oshiradilar. O‘quv mashg‘ulotlari onlayn va oflayn shaklda amalga oshiriladi. Jumladan, Bank-moliya akademiyasida tashkil etiladigan mazkur magistratura mutaxassisligi bo‘yicha dars mashg‘ulotlarida Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari bevosita ishtirok etadilar.
Mazkur loyiha doirasida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga Bank-moliya akademiyasining 70412203 – Loyiha boshqaruvi (Project management) dasturi bo‘yicha magistr darajasi diplomi hamda Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetining “Loyiha boshqaruvi” kasbiy qayta tayyorlash bo‘yicha diplomini topshirilishi ko‘zda tutilgan.
Muloqot yakunida tomonlar muhokama qilingan masalalarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida 2023 yilning 23 iyun sanasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirini tashkil etishga kelishib oldilar. Onlayn tarzida o‘tkaziladigan mazkur tadbir davomida loyiha doirasida o‘qish istagini bildirgan talabgorlarga batafsil ma’lumot berib o‘tiladi.