BMA vakillari Koreyada bilim va tajriba almashishni boshladilar
O‘zaro kelishuvga asosan Koreya aerokosmik universitetida Bank-moliya akademiyasi professor-o‘qituvchilari, tinglovchilari va mamlakatimiz tijorat banklari xodimlari uchun International Summer Program (ISP) kursi tashkil etildi.
Mazkur yozgi stajirovka va o‘quv kursining 2020 yildan beri faoliyati to‘xtab qolgan edi. 3 yillik tanaffusdan keyingi ilk hamkorlik Bank-moliya akademiyasi vakillari uchun tashkil etildi. International Summer Program doirasida ishtirokchilar kampus ichida va tashqarisida nazariy bilimlarni o‘zlashtirib, mahalliy yetakchi kompaniya va muassasalarga tashriflar jarayonida amaliyot bilan tanishadilar. Jumladan, Korea EXIM Bank, International Finance Center in Yeido, Security company in Yeido, Korea Stock Exchange in Yeido Area, Kia Motors Co., Ltd. in Siheung, Samsung Electronics kabi yirik kompaniyalar faoliyatida amaliy jarayonlarni o‘rganadilar.
Safar dasturiga asosan BFA professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari Koreya aerokosmik universiteti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdilar. International Summer Program (ISP) kursining ochilish tadbirida Koreya aerokosmik universiteti Prezidenti Heye-young Hurr shunday deb esladi: “O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurganimda va Bank-moliya akademiyasi rektori bilan uchrashganimda, BFAning Yevropa universitetlari bilan faol aloqalari, akademik almashinuvlari holati meni hayratda qoldirdi. Ana shu uchrashuvdagi kelishuvlarning amaliy ijrosi Aerokosmik universiteti va BFA o‘rtasidagi akademik almashinuvdagi muhim birinchi qadam hisoblanadi”.
Ochilish tadbiridan so‘ng kafedra professori Namki Hong (sobiq Bosh vazirning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari) maxsus ma’ruza o‘qidi. Professor Namki Hong Koreyaning rivojlanish tarixini “Koreya iqtisodiyotining rivojlanishi va keyingi bosqichga o‘tish bo‘yicha vazifalar” nomli ma’ruzasi orqali tushuntirib berdi.
Mashg‘ulotlar davomida Koreya iqtisodiyotining rivojlanish tajribasi va keyingi bosqichga o‘tishdagi muammolar, iqtisodiy o‘sish va iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishi xususiyatlari, mamlakatning investitsiya salohiyati, moliya sektori, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur yozgi stajirovka Bank-moliya akademiyasi hamda Koreya aerokosmik universiteti o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan tashkil etildi.