Ikki buyuk siymo yod etildi
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning 583 yilligi hamda shoh va atoqli shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi munosabati bilan madaniy-ma’rifiy kecha tashkil etildi. Unda Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari va tinglovchilari ishtirok etdi.
Tadbirda Akademiya rektori Elmurod Hoshimov, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Nurilla Chori so‘zga chiqib, ikki buyuk siymoning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutishini qayd etib o‘tdilar. Ularning she’riy va nasriy asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy g‘oyalarning jahon tamaddunida tutgan o‘rni hamda o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritdilar.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir davomida ikki buyuk mutafakkirlarimizning hayoti va ijodi haqida batafsil so‘z yuritildi. G‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi. Buyuk ulamolarimiz ijodiy faoliyatlari yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi.
Tadbir yakunida Yozuvchilar uyushmasi vakillari tomonidan kitobxonlar mutolaasi uchun Bank-moliya akademiyasi Axborot-resurs markaziga O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid qalamiga mansub “Vaqt haykali” asari topshirildi.