O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 2 maydagi “O‘zbekiston Respublikasining Bank-moliya akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi 1460-sonli Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 17 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi 180-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan. 1996 yili O‘zbekiston Respublikasi Banklari Assosiasiyasi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tashkil qilish borasida ilk marotaba so‘z ochildi. Va shu yilning iyun oyidan Akademiyani tashkil qilish borasida amaliy ishlar boshlab yuborilgan bo‘lsa, shu yilning 4 noyabr sanasida Akademiya ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi - bank, moliya, soliq tizimlari va iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarining boshqaruv kadrlari va mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘yicha, shuningdek ko‘rsatib o‘tilgan sohalarda ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi davlat oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.