Yangiliklar

image

Bank-moliya akademiyasi va “Gazprombank” AJ hamkorligida navbatdagi mahorat darsi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “Gazprombank” AJ bilan hamkorlikda “Banklarda ichki audit” mavzusida navbatdagi mahorat darsi o‘tkazildi. Unda “Gazprombank” AJning Ichki audit bo‘limi rahbar xodimlari va mutaxassislari, mamlakatimiz tijorat banklari xodimlari, Akademiya professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari ishtirok etdi.

Tadbirni Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov va “Gazprombank” AJning birinchi vitse-prezidenti, Ichki audit departamenti boshlig‘i Igor Turuyev kirish so‘zi bilan ochib berdilar.

Shundan so‘ng “Gazprombank” AJning Ichki audit bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Svetlana Kulikova ichki auditning xalqaro standartlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida taqdimot qildi va mavzuni keng yoritib berdi. Shu bilan birga, “Gazprombank” AJ mutaxasislari tomonidan “Ichki audit bo‘limining ishlash tartibi”, “Moliyalashtirish loyihalarinig ichiki auditi”, “Banklardagi o‘z-o‘ziga xizmat qilish uskunalarining auditi”, “Moliya bozorini uzluksiz monitor qilish tizimi”, “Kriptovalyuta va raqamli moliyaviy aktivlar operatsiyalarining auditi asoslari” kabi mavzular yuzasidan amaliy tajribalar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bank-moliya sohasiga doir xorijiy tajribani mamlakatimiz tijorat banklari mutaxassislari va Akademiya tinglovchilariga yetkazish hisoblanib, uning davomida ishtirokchilar yangi bilim va tajriba oldilar.