Yangiliklar

image

Dunyo OTMlari reytingida «Top-500»ligiga kiruvchi universitet bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlanadi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlarini yanada kuchaytirgan holda «Top-500»ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida «ikki diplomli tizim»ni joriy etish vazifasi belgilangan.

Ushbu ustuvor vazifadan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlari va moliyaviy tashkilotlari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Shunday amaliy hamkorlik natijasida 2023 yilning sentyabr oyida Moskva shahrida Bank-moliya akademiyasi hamda “Oliy iqtisodiyot maktabi” milliy tadqiqot universiteti rektorlari hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Mazkur kelishuvga asosan tomonlar  qo‘shma tarmoq ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlari va ularning tarkibiy qismlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, akademik almashinuvlar, shu jumladan talabalar va o‘qituvchilarning o‘zaro tajriba almashishini tashkil etish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish va ilmiy nashlar chop etish, ekspert va tahliliy faoliyatda hamkorlik qilish, mas’ul xodimlar uchun tajriba almashish dasturlarini ishlab chiqib amalga oshirish, qo‘shma ta’lim, ilmiy, madaniy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqdalar.

Ushbu amaliy hamkorlik natijasida 2024 yil 24 iyun kuni Qo‘shma ta’lim dasturini tashkil etish bo‘yicha rasmiy shartnomani imzolash tadbiri va ramziy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov, “Oliy iqtisodiyot maktabi”ning milliy tadqiqot universiteti Perm kampusi direktori Galina Volodina so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik hamkorlik natijasida ikki davlat oliy ta’lim muassasalarining  integratsiyalashuvi tobora ortib borayotgani, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlash ko‘lami kengayotgani alohida qayd etib o‘tildi.

Ta’kidlandiki, qo‘shma ta’lim dasturlariga innovatsion yondashgan holda hamkor oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida transformatsiyani amalga oshirish va bugun xalqaro talablarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash dolzarb ahamiyat kasb etib, o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun intilayotgan mutaxassislar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Mazkur qo‘shma ta’lim dasturi asosida “Moliyaviy strategiya va tahlil” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. O‘quv jarayoni kunduzgi shaklda tashkil etilib, tinglovchilar 3 sesmestr davomida Toshkent shahrida va 1 semestr Perm shahrida tahsil oladilar. Qo‘shma dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasida tan olinadigan davlat namunasidagi diplomlar topshiriladi.

Ma’ulumot uchun keltirib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasining “Oliy iqtisodiyot maktabi” Milliy tadqiqot universiteti QS jahon oliy ta’lim muassasalari reytingida siyosat va xalqaro tadqiqotlar, sotsiologiya, tarix, iqtisod va ekonometrika bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi 100 ta universitet qatoriga kiritilgan.

Universitet biznes boshqaruvi dasturi sohaga tegishli nazariy va amaliy bilimlarni taqdim etishga hamda ushbu ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan quyidagi kurslarni taklif qiladi:

• Makroiqtisodiyot (ilg‘or daraja);

• Ekonometrika (ilg‘or daraja);

• Moliya;

• Portfelni boshqarish;

• Moliyaviy modellashtirish;

• Moliya sohasida ma’lumotlar va tahlillar;

• strategik moliyaviy menejment;

• investitsiya loyihalari va dasturlarini tahlil qilish;

• Analitik yechimlarni vizuallashtirish va taqdim etish;

• Moliyaviy sektorda risklarni boshqarish;

• hosilaviy moliyaviy vositalar va boshqalar.

Ushbu hamkorlik qo‘shma dasturi turli mamlakatlar talabalari o‘rtasida ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish borasida yangi tajribaga ega bo‘lish hamda o‘zaro xilma-xil madaniy muhit to‘g‘risida tasavvurni kengaytirishga imkoniyat yaratadi.