• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

Yangiliklar

image

Islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi tomonidan “Islom moliyasi orqali moliyaviy ommaboplikni oshirish: mavjud salohiyat va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Mazkur tadbir moliyaviy ommaboplikni oshirishda islom moliyasi imkoniyatlarini o‘rganishga va O‘zbekiston moliya tizimiga yangi yondashuvlar olib kirishga qaratilgan bo‘lib, dunyoning yetakchi olimlari, mutaxassislar va moliyaviy tashkilot vakillarini bir joyga jamladi.

Ta’kidlandiki, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida bank tizimida islohotlarni jadallashtirish, bank xizmatlari bozori hajmini oshirish va sohada raqobatni rivojlantirish, kamida 3 ta tijorat banklarida islom moliyasi mezon va tartiblarini joriy etish, islom moliyasining qonuniy asoslarini shakllantirish borasida aniq maqsadlar belgilab berilgan.

Bu o‘z navbatida soha mutaxassislari va ilmiy jamoatchilik oldiga huquqiy asoslarni mustahkamlash, Islom moliyasi bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash va ushbu sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha ustuvor vazifalarni qo‘yadi.

Shundan kelib chiqib, anjuman davomida islom moliyasining xalqaro tajribalari, bu sohada amalga oshirilayotgan innovatsiyalar hamda O‘zbekistonda islomiy moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etildi. Ishtirokchilar islom moliyasining nafaqat moliyaviy ommaboplik, balki ijtimoiy tenglikni oshirishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini muhokama qildilar.

Konferensiyaning asosiy mavzulari:

O‘zbekistonda islom moliyasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari. Islom va an’anaviy moliya tizimlari o‘rtasidagi bog‘liqliklar hamda o‘ziga xos jihatlari;

Tijorat banklarida islomiy bank xizmatlarini tashkil qilish va rivojlantirish istiqbollari;

Islom moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarda AAOIFI (Accounting and Auditing Organization for Islamic Financial Institutions) standartlari asosida buxgalteriya hisobini joriy qilish muammolari;

Kapital bozorida islomiy qimmatli qog‘ozlar muomalasini tashkil etish va rivojlantirish istiqbollari;

Sug‘urta xizmatlari ommabopligini oshirishda Takaful islom sug‘urtasining o‘rni va imkoniyatlari.

Konferensiyada islom moliyasi sohasida xalqaro tajribaga ega ekspertlar hamda Bank-moliya akademiyasi olimlari, shuningdek, O‘zbekistondagi va xalqaro moliya institutlari vakillari ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Ular islom moliyasining iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni, moliyaviy inklyuziya va qashshoqlikni qisqartirish bo‘yicha imkoniyatlari xususida taqdimotlar o‘tkazdilar.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi moliya tizimida islomiy moliya xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj oshmoqda va bu xizmatlar iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, investitsion muhiti yaxshilashda katta ahamiyat kasb etishi mumkin. Tadbir davomida islomiy moliya ekotizimini rivojlantirish, yangi moliyaviy vositalar va texnologiyalarni joriy qilish hamda huquqiy asoslarni takomillashtirish bo‘yicha kelgusidagi qadamlar belgilandi.

Mazkur konferensiya islom moliyasining rivojlanishiga hissa qo‘shish bilan birga, O‘zbekiston va boshqa davlatlar o‘rtasida ushbu sohadagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Shu tariqa, konferensiya islomiy moliyaviy xizmatlarning ommalashishida muhim qadam bo‘lib, mamlakatimizda moliyaviy ommaboplikni oshirishga ko‘mak beradi.

Konferensiyaning yakuniy qismi munozaralarga boy bo‘lib, qatnashchilar o‘zaro tajriba almashib, islom moliyasi orqali moliyaviy ommaboplikni oshirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqdilar.