Bloomberg kompaniyasi mutaxassislaridan mahorat darsi
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida Bloomberg kompaniyasi rivojlanayotgan bozorlar mahsulotlari menejeri Igor Levin hamda elektron savdo munosabatlari, o‘zaro savdo munosabatlari menejeri Odiljon Kasimov ishtirokida “Global va mintaqaviy moliya bozorlari monitoringi” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.
Jarayonda mutaxassislar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bloomberg bazasiga kirgan holda korporativ qimmatli qog‘ozlar, davlat qimmatli qog‘ozlari, tovar-xomashyo bozoridagi real o‘zgarishlar haqidagi maʼlumotlarni katta ekranda namoyish qildilar. Narxlarga o‘zgarishiga taʼsir etuvchi axborotlar taqdim etildi.
O‘zbekistondagi emitentlar, xususan suveren yevroobligatsiyalar va so‘mdagi xalqaro obligatsiyalar, korporativ yevroobligatsiyalar tahlillari jonli tarzda taqdim etildi.
Mahorat darsi davomida Bloomberg axborot portalidan O‘zbekistonda, jumladan Akademiyada foydalanish imkoniyatlari, ekotizim sifatida moliya bozorini rivojlantirishda axborot agentliklarining roli xususida batafsil savol-jaoblar qilindi.
Bloomberg kompaniyasi rivojlanayotgan bozorlar mahsulotlari menejeri Igor Levin hamda elektron savdo munosabatlari, o‘zaro savdo munosabatlari menejeri Odiljon Kasimov akademiya bilan hamkorlik davom etishini tadbir yakunida alohida taʼkidlandi.
Maʼlumot uchun. AQSHning Bloomberg kompaniyasi global va mintaqaviy moliya bozorlarida professional ishtirokchilar uchun moliyaviy ma‘lumotlar tahlilini taqdim etuvchi dunyoning yirik provayderlaridan biridir.