Mahorat darsida muammoli kreditlar bilan ishlash masalasi muhokama qilindi
2024-yil 26-noyabr kuni Bank-moliya akademiyasida “O‘zbekistonda chet el kapitali ishtirokidagi banklarda muammoli kreditlar bilan ishlash tajribasi” mavzusiga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi.
Bank ishi kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mahorat darsi davomida kreditlar bilan bog‘liq muammolarni tahlil qilish, ularni hal qilishda ilg‘or tajribalar va innovatsion yondashuvlar haqida batafsil so‘z yuritildi. Bank tizimining xalqaro standartlarga moslashtirilishi va risklarni samarali boshqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda ma’ruzachi sifatida Ipoteka bank OTP menejeri Musabek Akabarov ma’ruza bilan ishtirok etib, muammoli kreditlarning sabablari, oqibatlari va ularga nisbatan qo‘llanilayotgan samarali yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, kredit xavfini minimallashtirish uchun xalqaro moliyaviy mexanizmlar va raqamlashtirish vositalaridan foydalanish alohida ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, tadbirda muammoli kreditlarning paydo bo‘lish omillari va ularni kamaytirish yo‘llari, xalqaro moliya tashkilotlarining muvaffaqiyatli tajribalarini O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari, moliyaviy xavflarni boshqarishda yangi texnologiyalarning roliga doir qimmatli ma’lumotlar berildi.
Mazkur mahorat darsi Bank-moliya akademiyasining moliya tizimi mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy ishlari doirasida muhim qadam bo‘ldi. Bu kabi tadbirlar kelgusida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.