Valyuta risklari va moliyaviy qiymat: Akademiyada navbatdagi amaliy mahorat darsi tashkil etildi
Bank-moliya akademiyasida moliyaviy tahdidlarni baholash, valyuta bozoridagi xatarlarni boshqarish va korporativ risklar bilan ishlash bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarga bag‘ishlangan navbatdagi mahorat darsi tashkil etildi.
“Valyuta riski: joriy risklar va qiymatni oshirish istiqbollari” mavzusida o‘tkazilgan ushbu tadbirda amaliyotchi mutaxassis, “Black Forest Group BFG” MCHJ ta’sischisi Aziz Abdusalomov maxsus mehmon sifatida ishtirok etib, kun tartibidagi mavzu yuzasidan o‘z amaliy tajribasi va konseptual yondashuvlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ma’ruzachi o‘z taqdimotida valyuta risklarining kelib chiqish sabablari, ularning xalqaro bozordagi dinamikasi, o‘zgaruvchanlikni boshqarish strategiyalari hamda korporativ moliyaviy qarorlarga ta’siri yuzasidan chuqur tahlillarni bayon qildi. Shuningdek, valyuta kurslaridagi o‘zgarishlarga javob beradigan vositalar, turli mamlakatlardagi amaliyotlar misolida atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, mahorat darsi jarayonida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollar yuzasidan amaliy misollar va keys-muhokamalar asosida interaktiv muloqot tashkil etildi.
Ushbu tadbir moliya sohasida tahsil olayotgan tinglovchilar uchun real bozor sharoitidagi tavakkalchilik muhitini tushunish, qaror qabul qilishda risklarni baholash, hamda xalqaro moliyaviy vositalardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi.