Fond bozori, IT va IPO: Akademiyada zamonaviy moliya bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi
Bugun, 27-may kuni Bank-moliya akademiyasida Investitsiyalar va kapital bozori kafedrasi tashabbusi bilan “O‘zbekiston fond bozori rivojlanishi va unda IT va IPO’larning o‘rni” mavzusida navbatdagi mahorat darsi o‘tkazildi. Mazkur dars xalqaro moliyaviy tahlil va investitsiya yo‘nalishida tan olingan CFI (Kanada) FMVA sertifikati sohibi, amaliyotchi ekspert Muzaffar Roziqov tomonidan olib borildi.
Tadbirda tinglovchilar fond bozori infratuzilmasi, IPO jarayonlari, texnologik kompaniyalarning kapitallashtirishdagi o‘rni va global moliyaviy tendensiyalar yuzasidan dolzarb bilimlarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, interaktiv muhokamalar orqali fond bozorining O‘zbekistondagi huquqiy bazasi, raqamli transformatsiya jarayonlarida kapital jalb qilish mexanizmlari haqida chuqur tahlillar olib borildi.
Muzaffar Roziqov o‘z ma’ruzasida xalqaro tajriba asosida kapital bozorida investitsiyalarni jalb etish, kompaniyalar uchun IPO’ning afzalliklari, startaplar va texnologik kompaniyalarning qiymatini oshirishdagi real misollarni taqdim etdi. Ayniqsa, tinglovchilar uchun investorlar bilan ishlash va bozordagi shaffoflik masalalari katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur mahorat darsi Bank-moliya akademiyasi tinglovchilariga zamonaviy moliya bozorlari haqida amaliy bilimlar berish, ularni global investitsiya muhitida raqobatbardosh kadrlar sifatida tayyorlash maqsadida tashkil etilib, tadbir so‘ngida ma’ruzachi ishtirokchilar savollariga javob berdi va o‘z tajribasi bilan ulashdi.