• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

Yangiliklar

image

Yashil iqtisodiyot sari moliyaviy yo‘l: xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda global va milliy tajribalar tahlil qilindi

Bugungi kunda dunyo jamoatchiligini jiddiy o‘ylantirayotgan masalalardan biri — barqaror rivojlanish va oni moliyalashtirishning samarali, uzoq muddatli mexanizmlarini ishlab chiqishdir. Iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslar tanqisligi, karbon ta’sirini kamaytirish, yashil texnologiyalar va ekologik yechimlar moliya tizimi uchun ham jiddiy sinovlarni yuzaga chiqarmoqda.

Ana shunday global dolzarb mavzularni O‘zbekistonning milliy siyosat istiqbollari bilan uyg‘un tarzda muhokama etish maqsadida Bank-moliya akademiyasida “Barqaror moliyalashtirish: yashil iqtisodiyotni rivojlantirishda bank-moliya tizimining o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, dunyoning yetakchi oliy ta’lim va moliyaviy muassasalari – Buyuk Britaniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Janubiy Afrika, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan kelgan nufuzli olimlar, professorlar, amaliyotchi moliyachilar ishtirok etdilar.

Ishtirokchilar tomonidan qayd etildiki, yashil iqtisodiyot va barqaror moliyalashtirish sohalarida qonunchilik, investitsiya muhiti, ta’lim va tadqiqotlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash muhim masala hisoblanadi. Xususan, ESG bo‘yicha milliy standartlarni ishlab chiqish, yashil moliya vositalarini kengaytirish va malakali kadrlar tayyorlash masalalari alohida ahamiyatga ega.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston “yashil iqtisodiyot” konsepsiyasini amaliy siyosatga aylantirayotgan kam sonli mamlakatlardan biriga aylanib bormoqda. Bu jarayonda ESG standartlarini milliy reglamentlarga joriy etish, yashil moliya bozorini rivojlantirish, ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni ushbu masalalar bilan integratsiyalash muhim vazifa hisoblanadi.

Anjumanda “Iqlim va o‘tish davri moliyasini rivojlantirish istiqbollari”, “Barqaror taraqqiyotni moliyalashtirish: jahon miqyosidagi vaziyat”, “Rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda yashil bankning mohiyatini tushunish uchun konseptual asoslar: O‘zbekiston misolida”, “Barqaror rivojlanish uchun “yashil” moliyalashtirishni rag‘batlantirish”, “O‘zbekistonning barqaror kelajagini ta’minlashda yashil moliyalashtirishning roli” kabi dolzarb mavzular taqdimot qilindi.

Anjuman doirasida bir necha ixtisoslashtirilgan plenar sessiyalar tashkil etildi. Ularda ishtirokchilar tomonidan ESG standartlari, yashil obligatsiyalar, ekologik siyosat qat’iyligi, moliyaviy shaffoflik, yashil transport, raqamli moliya va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha ilmiy tahlillar va amaliy takliflar taqdim etildi.

Anjumanning asosiy maqsadi – xalqaro va milliy miqyosda “yashil moliya”, ESG standartlari, barqaror investitsiya mexanizmlari va bank-moliya sektorining ekologik iqtisodiyotdagi o‘rnini tahlil qilish, bu boradagi ilg‘or tajribalarni o‘rtoqlashish va O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi siyosatini xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Uning yakunida faol ishtirokchilarga sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi.