Ta’lim va ilmiy faoliyatga doir muhim qarorlar qabul qilindi
2025-yil 2-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim, ilmiy faoliyat, kadrlar salohiyatini rivojlantirish va akademik standartlarni takomillashtirishga doir muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, yig‘ilish kun tartibida akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni nashrga tavsiya etish masalasi ko‘rib chiqildi. Ta’lim mazmunini ilmiy-nazariy jihatdan boyitish va amaliy foydali materiallar bilan ta’minlash maqsadida ushbu nashrlar muhokama qilinadigan standart talablarga muvofiq ravishda baholandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi bo‘yicha mustaqil izlanuvchilarning ilmiy rahbarlarini va dissertatsiya mavzularini o‘zgartirishga oid arizalari ham muhokama qilindi. Mavjud normativ-huquqiy asoslar va tadqiqot yo‘nalishining dolzarbligi inobatga olingan holda, talabgorlarning arizalari qanoatlantirildi.
Shu bilan birga, Akademiyada ko‘p yillar davomida samarali pedagogik va ilmiy faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar nomzodi dotsent ilmiy unvoniga tavsiya etish to‘g‘risidagi masala kengash a’zolari tomonidan ko‘rib chiqildi. Nomzodlarning ilmiy maqolalari, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari, pedagogik tajribalari va ta’lim oluvchilar o‘rtasidagi obro‘-e’tibori asosida ijobiy xulosa berildi.