• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

Yangiliklar

image

BOZORNI SIFATLI, XAVFSIZ VA ARZON OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI BILAN TO‘LDIRISH MAMLAKATNI BOY, XALQNI ROZI QILADI

Bugun global miqyosda iqlim o‘zgarishi oziq-ovqat ishlab chiqarish va sifatining ayrim jihatlariga, narx va yetkazib berish tizimlariga tahdid solishi kutilmalariga e’tibor qilishni talab qilmoqda. Ob-havo o‘zgarishi, suv tanqisligi, cho‘llanish darajasi ortishi, begona o‘tlar va zararkunandalar ta’siri ko‘plab ekinlar hosildorligi pasayishi, chorvachilik va baliq yetishtirish qisqarishiga turtki beryapti. Natijada oziq-ovqat bilan bog‘liq narxlar bunga javoban o‘sishiga sabab bo‘ladi. Moslashuv tadbirlari oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq kutilayotgan ba’zi muammolarning sog‘liqqa ta’sirini kamaytirishi mumkin.

Ushbu mavzuda iqtisodchi ekspertlar fikrlarini yozib oldik.


Nodir JUMAYEV, iqtisodiyot fanlari doktori:


— Oziq-ovqat xavfsizligi xususida gap ketganda, pandemiya natijasida butun dunyoda vujudga kelgan gumanitar inqirozni eslab o‘tish zarur. Bu ofat iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligining deyarli barcha sektorlariga jiddiy ta’sir qilib, muayyan muammolarni yuzaga keltirdi. Shuningdek, jahon iqtisodiyotiga zarar yetkazib, insonlarning daromad manbalari minimallashishiga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, oziq-ovqat ta’minoti zanjirlarida katta uzilishlar paydo qilib, iste’mol tovarlari narxlari keskin ko‘tarilishi va taqchilligi muammosini keltirib chiqardi.

Bu an’anaviy oziq-ovqat tizimlarini yangi talablar asosida ko‘rib chiqib, ularni qayta tashkil etish haqida kengroq o‘ylashni taqozo qiladi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab ichki oziq-ovqat narxlari inflyatsiyasi yuqoriligicha qolmoqda. 2022-yil iyul oyidan oktabr oyigacha bo‘lgan ma’lumotlar past va o‘rta daromadli deyarli barcha mamlakatlarda yuqori inflyatsiyani ko‘rsatmoqda. Past daromadli mamlakatlarning 84,2 foizi, o‘rtadan past daromadli mamlakatlarning 93 foizi va yuqori o‘rta daromadli mamlakatlarning 93 foizida inflyatsiya darajasi 5 foizdan yuqori bo‘lgan, aksariyati ikki raqamli inflyatsiyani boshdan kechirgan. Oziq-ovqat narxlari inflyatsiyasi yuqori bo‘lgan daromadi baland mamlakatlar ulushi 85,5 foizgacha ko‘tarildi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, oziq-ovqat va o‘g‘it import narxlari oshishidan eng ko‘p zarar ko‘rgan 48 mamlakatdagi zaif oilalarga yordam berish uchun 5-7 milliard dollar qo‘shimcha xarajatlar kerak bo‘ladi. O‘tkir oziq-ovqat xavfsizligini tugatish uchun esa qo‘shimcha 50 milliard dollar talab qilinadi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Jahon oziq-ovqat dasturi va Jahon savdo tashkiloti tomonidan global oziq-ovqat xavfsizligi va oziqlanish inqirozi bo‘yicha bayonot qabul qilinib, unda to‘rtta asosiy yo‘nalishda sezilarli yutuqlarga erishilgani qayd etilgan. Bular — zaif qatlamlarga zudlik bilan yordam ko‘rsatish, savdo va xalqaro oziq-ovqat ta’minotini osonlashtirish, ishlab chiqarishni ko‘paytirish va iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligiga sarmoya kiritish.

Dunyo miqyosida sodir bo‘layotgan mazkur holat xalqaro hamjamiyatning bir bo‘lagi bo‘lgan O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmasligini hisobga olib, davlatimiz tomonidan aniq strategik maqsadlar belgilab olingan. Jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash hamda agrar sohada aholining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning daromadlarini oshirish, shuningdek, “Bir hudud — bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Birgina Toshkent viloyatida 2023-yilda 9 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, aholiga 25 sotixdan berish rejalashtirilgan. Natijada 60 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, viloyatda yaylov o‘simliklari urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish, suv kam talab qiladigan moyli, dukkakli va ozuqa ekinlari yetishtirish, chorva boqish mo‘ljallangan 62 ming gektar yerni foydalanishga kiritish borasida amaliy sa’y-harakatlar boshlangan.

Qabul qilingan qarorga asosan, fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va g‘alladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan yerlardan 2022-yil yakuniga qadar qo‘shimcha 20 ming gektar — umumiy 100 ming gektar, 2023-yilda 95 ming 169 gektar ekin maydoni aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga beriladi.

O‘z navbatida, oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi muammolarni birgina ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish bilangina hal etib bo‘lmasligini yoddan chiqarmaslik lozim. Oziq-ovqat tizimi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va inflyatsiyaga yo‘l qo‘ymaslikda esa davlat xaridlari hamda taqsimot tizimi muhim vosita hisoblanadi.

Umuman olganda, bugungi geosiyosiy vaziyat, ekologik inqiroz, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishlari dunyo iqtisodiyotining oziq-ovqat sektorini isloh etish zaruratini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Gap shundaki, oziq-ovqat tizimlarining hissasi atmosferaga chiqarilayotgan “issiqxona gazlari”ning uchdan bir qismini tashkil etadi va bioxilma-xillikka tahdidning asosiy sababchisi sanaladi. Binobarin, sohada mahsulot ishlab chiqarish, qayta ishlash, yetkazib berish, sotish va iste’mol qilish, chiqindilar utilizatsiyasida qo‘llanilayotgan usullarni to‘liq qaytadan ko‘rib chiqishni, innovatsiyalar, muqobil va yashil texnologiyalardan keng foydalanishni davrning o‘zi talab etyapti.


Elmurod HOSHIMOV, iqtisodiyot fanlari doktori:


— Bugungi global vaziyatning ta’siri yuqori bo‘lsa-da, mamlakatimizda inflyatsiyaviy targetlash doirasida inflyatsiya darajasini bir xonali raqamga keltirish hamda narx-navo barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Bunda ichki bozorni iste’mol tovarlari bilan to‘ldirish, asosiy iste’mol tovarlari narxlari mavsumiy tebranishlari darajasidan kelib chiqib, “xatar darajasining tahlili” tizimini joriy qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Shu bois, inflyatsiyaga nomonetar omillar ta’sirini pasaytirish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilyapti. Jumladan, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, import bozorida monopoliyaning oldini olish, tovarlarni chetdan olib kirishda raqobat sharoitlarini yaxshilash, ishlab chiqarish, kafolatlangan zaxirani yaratish, asosiy iste’mol tovarlarining transport xarajatlarini subsidiyalash, tegishli hududlarning asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari talabidan kelib chiqib, ularni kvota asosida bozor sharoitlarida sotib olish va ichki bozorga intervensiya qilishga e’tibor qaratilgan.

Unumdorligi yuqori ko‘chatlarni xarid qilish va xalqaro sertifikatlar (GlobalGAP, Organic) olish xarajatlarining 50 foizini hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi lizing xarajatlari foiz stavkasining teng yarmini davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi joriy etildi. “Daladan iste’molgacha” tamoyili asosida mahsulot yetishtirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalari rag‘batlantirilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Buxoro, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlariga Yevropa Ittifoqining grant mablag‘lari yo‘naltirildi. Natijada ushbu hududlarda 500 nafar yosh va “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand aholiga 1 gektardan yer maydoni ajratilib, ularni meva-sabzavotchilik kooperatsiyalariga birlashtirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatini berdi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik mexanizmlar uyg‘unligida ahamiyat qaratilayotgani bejiz emas, albatta. Chunki bu odamlar turmush sifatini yaxshilashga xizmat qilib, O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi salohiyatini yanada oshiradi. Garvard universiteti tadqiqotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 50 dan ortiq sanoat mahsulotini ishlab chiqarishda barcha imkoniyatlar va nisbiy ustunliklarga ega. Qayd etilishicha, yurtimizda neft, gaz-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, charm-poyabzal qatori aynan oziq-ovqat hamda “yashil” iqtisodiyot bilan bog‘liq sanoat tarmoqlari iqtisodiyotimiz drayveriga aylanishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Islohotlar negizida ham aynan mazkur tarmoqlarda xususiy sektor tashabbuslari va yangi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda kooperatsiyani rivojlantirish maqsadlari mujassam.

Oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish masalaning bir tomoni bo‘lsa, ularni iste’molchiga yetkazish, qadoqlash va saqlash ham alohida mas’uliyatli vazifadir. Bu, o‘z navbatida, texnik xizmat ko‘rsatish, sovitkichli omborxonalardan foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlarini ishga tushirish asosida tomorqalarda mahsulot yetishtirishni tashkil etish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, eksportbop mahsulotlar tayyorlash bilan birga tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab qiladi.

Mazkur ishlarga uyg‘un tarzda Prezidentimizning “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Uning ijrosi nafaqat agrar tarmoqda ma’muriy islohotlarni tezlashtiradi, balki mazkur strategik sektorni jadal raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalariga zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni tatbiq etishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirishga ham xizmat qiladi.

Muxtasar aytganda, sa’y-harakatlardan ko‘zlangan bosh maqsad xalq manfaati ustuvorligini ta’minlash, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirib, bozordagi narx-navoni arzonlashtirish, shu orqali odamlarni rozi qilishdir.


Mansur ESHOV, iqtisodiyot fanlari doktori:


— Oziq-ovqat xavfsizligi mamlakat rivojlanishining asosiy tarkibiy qismlaridan biridir. Aholi soni o‘sishi, yer, suv va energiya resurslariga talab ortishi, shuningdek, iqlimning keskin o‘zgarishi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ta’sir etuvchi asosiy omillardir.

So‘nggi yillarda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlarning ijobiy samaralarini Global ochlik indeksida mamlakatimiz egallagan ijobiy natijada ham ko‘rishimiz mumkin. O‘zbekiston 2022-yilda 121 davlat orasida 21-o‘rinni egallab, 5,6 ball bilan ochlik darajasi past mamlakatlar qatoridan o‘rin oldi. 2022 yilgi Global oziq-ovqat xavfsizligi indeksi (Global Food Security Index — GFSI) da O‘zbekiston 113 davlat orasida 73-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston 2019-2022-yillarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 10 davlat orasida eng yaxshi o‘sishga erishdi. Narxlar toifasi bo‘yicha 18-o‘ringa, “Sifat va xavfsizlik” yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘ringa, “Barqarorlik va moslashish” yo‘nalishi bo‘yicha 36-o‘ringa ko‘tarildi.

Dunyoda oziq-ovqat bilan bog‘liq cheklovlar va narxlar o‘sishi natijasida jahon bozorlarida bug‘doy narxi 50 foiz, o‘simlik yog‘i 33 foiz, shakar 14 foiz, neft 47 foiz oshdi. Albatta, bu yurtimizdagi narx-navoga ham ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Shu bois, joriy yilning iyun oyidan boshlab parrandachilik xo‘jaliklariga bug‘doy sotib olish uchun 400 milliard so‘m revolver kredit yo‘naltirilyapti. Parrandachilik xo‘jaliklariga har bir mahalla uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari asosida 200 million so‘mdan imtiyozli kredit ajratilishi belgilab berildi. Shu bilan birga, Prezidentimizning “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, chorvachilik xo‘jaliklariga go‘shtning har bir kilogrammi uchun to‘lanadigan subsidiya 2 ming so‘mdan 4 ming so‘mga, sutning har bir litri uchun 200 so‘mdan 400 so‘mga oshirildi. Xorijdan olib kelinadigan qishloq xo‘jaligi texnikasi barcha to‘lovlardan ozod etildi. Sohaga 170 million dollar imtiyozli kredit liniyalari ochildi. 200 ming gektardan ziyod paxta va g‘alla maydoniga ozuqabop ekinlarni almashlab ekish belgilandi. Natijada Andijon, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 18 ming bosh molga mo‘ljallangan 35 ta chorvachilik xo‘jaligi tashkil qilindi va bu ishlar boshqa hududlarda ham jadal davom ettirilyapti.

Bundan tashqari, aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 22 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari 2023-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojlaridan ozod qilindi. Oziq-ovqatni import qilishda bojlarni oshirilgan stavkada qo‘llash to‘xtatib turiladi. Davlat xaridlarida oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish bo‘yicha cheklovlar vaqtincha bekor qilinadi.

Oziq-ovqat yetkazib berish tarmog‘ida ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash hamda inqirozdan chiqib ketish va kelajak uchun investitsiya yo‘naltirishda yanada inklyuziv, ekologik jihatdan toza oziq-ovqat tizimini yaratish ustuvor vazifadir. Mamlakatimizdagi islohotlarda aynan mazkur jihatlarga alohida e’tibor qaratilyapti. Oziq-ovqat xavfsizligini kengroq ta’minlash, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, narx-navolarni barqaror ushlab turish, sohadagi mavjud tizimli muammolarga barham berishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlar aslo to‘xtab qolmagani, aksincha, jadallashgani buning tasdig‘idir. Bunda aynan aholi uchun yangi daromad manbalari yaratish, yashil va tabiiy resurslarni tejaydigan texnologiyalarga urg‘u berilayotgani, oziq-ovqat tarmoqlarida qator aksiz soliqlar bekor qilingani ijobiy holat sanaladi.

Taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturida sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va energiya tejamkorlik dasturini ishlab chiqish belgilangan edi. Unga asosan, 2023-yil 1-iyundan boshlab mahsulotning ekologik toza energiya va texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “yashil sertifikatlar” tizimi joriy etiladi. Oziq-ovqat sohasida “yashil” iqtisodiyot bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni ko‘paytirish, innovatsion loyihalarni tatbiq etish muhim masalalardan biridir.


Muxtorxon TASHXODJAYEV, iqtisodiyot fanlari nomzodi:


— Yuqorida masalaning iqtisodiy, ijtimoiy, tabiiy jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shu o‘rinda bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratsam. Bu mavjud resurslardan isrof qilmasdan, oqilona foydalanish va taqchillik masalasi. “Pul o‘zingniki, lekin resurslar barchaniki”, degan ibora bor. Dunyoda ko‘plab odamlar resurs, oziq-ovqat taqchilligiga duch kelyapti. Qadriyatlarimizda ham isrof qilmaslik ustuvorlik kasb etadi.

Iqtisodiy o‘sish va kambag‘allikdan chiqish tendensiyasi ham ortiqcha xarajatlarni qisqartirish, ya’ni jamiyatda tejamkorlik tamoyilini joriy etish (masalan, turli milliy qadriyatlarga asoslangan marosimlarga xarajatlarni kamaytirish) zaruratini vujudga keltiradi.

Iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy omillar, masalan, hosil yetishmasligi, aholining haddan tashqari ko‘payishi va hukumatning noto‘g‘ri siyosati ko‘pgina mamlakatlarda oziq-ovqat tanqisligining asosiy sababidir. Atrof-muhit omillari muayyan joyda yetishtiriladigan ekin turlarini, iqtisodiy omillar xarid va ishlab chiqarish imkoniyatlarini, ijtimoiy-siyosiy omillar esa oziq-ovqatning aholiga taqsimlanishini belgilay di. Oziq-ovqat tanqisligi uzoq va qisqa muddatli salbiy ta’sirlarga ega, jumladan, ochlik, to‘yib ovqatlanmaslik, o‘lim ko‘payishi va siyosiy tartibsizliklar. Favqulodda va uzoq muddatli chora-tadbirlar yordamida oziq-ovqat xavfsizligi muammosini birgalikda hal qilish zaru rati mavjud.

Oziq-ovqat taqchilligini keltirib chiqarayotgan omillardan biri o‘g‘it tanqisligidir. Taqchillikning davom etishi 2023-yilgacha prognoz qilinayotgani esa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini cheklaydi va oziq-ovqat xavfsizligini beqarorlashtiradi. Jahon oziq-ovqat inqirozi mamlakatlar tomonidan ichki ta’minotni ko‘paytirish va narxlarni pasaytirish maqsadida o‘rnatilgan oziq-ovqat savdosiga cheklovlar soni ortib borishi tufayli qisman yomonlashdi. 2022-yil 28-noyabr holatiga ko‘ra, 19 ta davlat oziq-ovqat eksportini cheklovchi 23 ta, sakkiztasi esa eksportni cheklovchi 12 ta chora-tadbirni amalga oshirgan. Jahon oziq-ovqat importi to‘lovi 2022-yilda 1,94 trillion dollargacha ko‘tariladi, bu avval kutilganidan yuqori. Bu rekord darajada yuqori va 2021-yildagiga nisbatan 10 foiz o‘sishdir. O‘sish sur’ati yaqin oylarda jahon oziq-ovqat narxlari oshishini, mamlakatlarning xarid qobiliyatini va buning natijasida import qilinadigan oziq-ovqat hajmini kamaytiradi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishi global oziq-ovqat importi to‘lovi o‘sishining asosiy sababi bo‘lib, birinchi navbatda, yuqori daromadli mamlakatlarga to‘g‘ri keladi. Garchi yuqori daromadli davlatlar global importda asosiy o‘rinni egallasa-da, yuqori narxlar iqtisodiy jihatdan zaif mamlakatlar guruhlariga ko‘proq ta’sir qiladi.

Dunyo mamlakatlari oziq-ovqat bo‘yicha o‘z quvvatlarini va zaxiralarini ichki bozorga yo‘naltirish yo‘lidan bormoqda. Shu bois, mamlakatimizda eksport-import amaliyotlarini tartibga solish va soddalashtirish, talab yuqori bo‘lgan oziq-ovqat tovarlarini import qilishda to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bunday sharoitda nosog‘lom raqobat, oziq-ovqat mahsulotlari importining ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan monopollashtirilishi, sun’iy taqchillikni yuzaga keltirish va ba’zi tovarlar uchun narx-navoning asossiz oshirilishi, oqibatda bu asosda qo‘shimcha foyda olish uchun shart-sharoitlar yaratuvchi jiddiy tizimli muammolarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, mazkur sohadagi mavjud tizimli muammolarga barham berish maqsadlariga erishish dolzarb hisoblanadi.

Umuman olganda, oziq-ovqat taqchilligi — jiddiy global muammo. Mavjud oziq-ovqat mahsulotlarini isrof qilmasdan foydalanish esa imkoniyatlar cheklangan vaziyatda muhim va qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan ham eng to‘g‘ri yo‘ldir.

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri Bashorat YUNUSOVA yozib oldi.