• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

Yangiliklar

image

Markaziy depozitariy Bosh direktoridan mahorat darsi

Bank-moliya akademiyasida “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” davlat korxonasi bilan hamkorlikda navbatdagi mahorat darsi o‘tkazildi. “Kapital bozori” fani doirasida tashkil etilgan mashg‘ulot davomida Markaziy depozitariy bosh direktori Sherali Abdujabborov tomonidan “Aksiyalar: muomalaga chiqarish, hisobini yuritish, investitsiya kiritish orqali daromad olish” mavzusi taqdimot orqali yoritib berildi.

Ta’kidlandiki, bugungi kun iqtisodiyotida real sektor singari moliyaviy sektor ham alohida dolzarblik kasb etadi. Rivojlangan mamlakatlarning moliyaviy-iqtisodiy taraqqiyotida va bugungi darajaga erishishlarida moliya bozori shak-shubhasiz muhim ahamiyat kasb etgan. Bunda real sektorni moliyaviy ta’minlash, bo‘sh pul mablag‘larini ishlab chiqarishga yo‘naltirish, yangi sohalarni o‘zlashtirish, davlat budjeti defitsitini noinflyatsion yo‘llar bilan mablag‘ jalb qilish orqali qoplash, aholi daromadlarini moliyaviy aktivlar orqali oshirish muhim hisoblanadi.

Amaliy mashg‘ulot davomida tinglovchilarga moliya bozorida pul, kredit, qimmatli qog‘ozlar, valyutalar, sug‘urta polislari, pensiya jamg‘armalari, qimmatbaho metallar, hosilaviy moliyaviy instrumentlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.