Millatning hayot sarchashmasi
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakati Muloqot guruhining sammitida ishtirok etib, unda o‘zbek tilida nutq so‘zladi.
Bu nafaqat O‘zbekiston ahlining, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizning qalbini cheksiz quvonchga, faxr-iftixorga to‘ldirdi. Chunki nufuzli xalqaro anjumanda o‘zbek tilining yangrashi xalqimizning dunyoda o‘z o‘rniga, o‘z so‘ziga ega ekanligini yana bir bor namoyon etdi. Zero, til har bir millatning hayot sarchashmasidir. Ushbu bebaho ne’mat bor ekan, xalq yashayveradi. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda, “har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurgon oyinai hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.
Dunyodagi mavjud minglab tillar orasida faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Ana shu maqomga ega tillar orasida aynan o‘zbek tilining ham borligi har birimizni xursand qiladi, g‘ururlantiradi.
Bugungi kunda Yer yuzida 50 millionga yaqin aholi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bu raqam ona tilimizning umrboqiyligini mustahkamlovchi muhim omillardan biridir. Taassufki, mustabid tuzum davrida millat ruhi, g‘ururi bo‘lmish o‘zbek tilining mavqeini pasaytirishga urinishlar ko‘p bo‘ldi. Ma’rifatparvar adib Abdulla Qodiriyning “O‘zbek tili kambag‘al til emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”, degan xitobi o‘sha davrda naqadar kuchli dard, alam bilan yangragani ayni haqiqat.
O‘zbek tilining bor latofati, jozibasi va ta’sir kuchi, cheksiz imkoniyatlari, munis onalarimizning allalarida, ming yillik dostonlarimizda, o‘lmas maqomlarimizda, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlarida aks etgan. Buyuk ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytgan hamda nodir ma’naviy meros, qadriyatlarimizga asos solgan.
1989-yil 21-oktabrda alohida qonun bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda ulkan tarixiy voqelik bo‘ldi. Va albatta, istiqlol yillarida davlat tilini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Uning maqomi huquqiy jihatdan yanada mustahkamlandi.
Keyingi olti yilda esa yurtimizda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar natijasida o‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi yanada oshib, hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.
Jumladan, davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 21-oktabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilanishi ona tilimizning xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashda yangi davrni boshlab berdi.
Farmonga muvofiq, ona tilimizning istiqboldagi taraqqiyotiga oid ko‘plab masalalar o‘z yechimini topmoqda. Davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda.
Til — har bir millatning eng qadrli boyligi, uning ma’naviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vositadir. Shu bois til siyosatining eng quyi bo‘g‘inlargacha yetib borishini ta’minlash maqsadida vazirlik, idora hamda xo‘jalik birlashmalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha rahbar o‘rinbosariga tenglashtirilgan maslahatchi lavozimi joriy etildi.
Dunyo xalqlari va millatlarining madaniy o‘zagi va asosiy muloqot manbai bu ularning milliy tili hisoblanadi. Shunday ekan, har bir tilning saqlanishi hamda yosh avlodga yetkazilishi, xalq taraqqiyoti va uning kelajagini belgilaydi. Birgina til ko‘plab xalqlarni o‘zaro birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, an’ana va madaniyatlarini saqlaydi, ularning avloddan-avlodga o‘tishini ta’minlaydi.
Har bir inson uchun Vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik muqaddas bo‘lsa, ona tili ham shunchalik azizdir. Hatto go‘dak ham dunyoni ona allasi, ona tili orqali anglaydi. Shuning uchun doim til, millat, Vatan tushunchalari yonma-yon yuradi. Tilsiz jamiyat rivojlanmaydi, taraqqiy topmaydi. Ona tili millat ruhi, or-nomusi hisoblanadi.
Ammo shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Biz til qadriga yetyapmizmi? Afsuski, har doim emas. Barchamiz ham ko‘chalarda do‘konlar, supermarketlar, turli xil ustaxona shoxobchalari, go‘zallik salonlari, osmono‘par binolar, bog‘chalarga qo‘yilgan nomlar o‘zbek tilida emas, balki boshqa xorij tillarida yozilganining guvohi bo‘lishimiz mumkin. Naqadar achinarli holat bo‘lishiga qaramay, biz bunga ko‘nikib yashab kelmoqdamiz. Axir biz O‘zbekistonda yashayapmiz-ku, nima uchun bu borada o‘zbekcha so‘zlardan foydalanmasligimiz kerak?! Ajnabiy tildagi nomlarning yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek bodrab ketishiga kim aybdor — ularni nazorat qilishga mas’ul davlat idoralarimi yoki o‘zimiz?
Keyingi paytlarda yurtimizda osmono‘par binolar qurilishi ko‘payib, shaharlarimiz yanada chiroy ochmoqda. Bundan har qancha faxr etsak, arziydi. Biroq yangi inshootlar majmuasiga berilayotgan nomlarning aksariyati ko‘ngilni xira qiladi. Bu nomlarning ko‘pi yo inglizcha yoki o‘zbekcha bo‘lsa-da, yoniga “siti” birikmasi qo‘shilgan. Taajjubga tushamizki, shuni “shaharcha” deb atasak, qurilgan imoratimizning obro‘si tushib qoladimi?! Yoki bu binolar chet elliklar uchunmi? Baribir ular O‘zbekistonda joylashgan-ku!
Ona tilimizning jahondagi nufuzini oshirish borasida qilinayotgan mashaqqatli mehnatlar bois AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va shu kabi qator davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘zbek tili o‘rganilmoqda. Ba’zi tadbirkorlarimiz esa shaharu ko‘chalarimizni ajnabiy tildagi so‘z va iboralarga to‘ldirib tashlab, qilinayotgan ishlarni havoga sovurishga ko‘maklashayotgandek. Axir yurtimizga kelgan xorijliklarning ko‘zi ularga tushib, bizning madaniyatimiz, milliy g‘ururimiz, qadriyatlarimizga o‘zlaricha baho beradi. Ya’ni xalqimizga nisbatan hurmati so‘nishi mumkin.
Qolaversa, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlod tilga munosabatni ko‘cha-ko‘ydan o‘rganadi. Ularda ona tilini mensimaslik, oiladan, qadriyatlardan, azaliy ildizlardan uzoqlashish ro‘y beradi.
Taassufki, bugungi kunda jondan aziz farzandining ta’lim xorij tilida olib boriladigan maktablarda tahsil olishini istayotganlar ko‘payib bormoqda. To‘g‘ri, bugun chet tillarini puxta bilgan kishi turli jabhalarda imkoniyatlari yanada oshib, kelajagini yorqin tasavvur eta oladi. Ezgu maqsadlar yo‘lidagi bu urinishlar balki ma’lum ma’noda o‘zini oqlar, ammo o‘zga tilni puxta o‘rganayotgan murg‘ak qalbga o‘zlik tuyg‘usini, milliy ruhni singdirish masalasi chala qolayotgani dilni xira qiladi. Bunday yoshlar aksar hollarda turli hoyu havaslar bilan Vatanimizdan chiqib ketayotgani, to‘g‘ri yo‘ldan adashayotgani ham bor gap. Zero, o‘z ona tilini hurmat qilmaydigan kishi ota-onaga ehtirom, el-yurtga sadoqat, vatanparvarlik ko‘rsatishi amrimahol. Shu bois ona tiliga muhabbat uyg‘otishda oilaning o‘rni beqiyos. Ma’rifatparvar alloma va o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Is'hoqxon Ibratning quyidagi so‘zlari ayni masalada g‘oyat ibratli: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilishi uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin, avvalo, o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat bu vataniy ishdir”.
Ana shu hikmatdan kelib chiqib, bugun mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Milliy o‘zligimiz timsoli, ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tibor yanada kuchaytiriladi”, deya ta’kidlashi bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Ta’lim muassasalarida yoshlarga davlat tilini o‘qitishni sifat jihatdan yanada yaxshilash masalasiga urg‘u berilyapti. Bu borada zamonaviy usul va uslublar, innovaöion texnologiyalar hayotga joriy qilinmoqda.
Milliy g‘ururimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni yosh avlod ongu qalbiga singdirishga nafaqat biz, ziyolilar, shu bilan birga, xalqimizning barcha qatlami o‘zini birdek daxldor his qilishi kerak. Zotan, biz ma’rifatli jamiyat qurayotgan ekanmiz, uning tag zamini, poydevori asrlar qa’riga singsa, azaliy qadriyatlarga tayansa, u yanada mustahkam hamda barqaror bo‘lishi, shubhasiz.
Zulfiya PO‘LATOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining Biznes-ingliz tili kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchi, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Manba: "Xalq so‘zi" gazetasi, 2023-yil 4-mart, №45 (8388)