Turkiya Markaziy banki bilan hamkorlikdagi intensiv kurslarga start berildi
Bugun, 14-mart kuni Turkiya Respublikasi Markaziy bankining 10 nafardan iborat ekspertlar guruhi amaliy tashrif bilan Bank-moliya akademiyasiga keldi.
Tashrif doirasida Bank-moliya akademiyasi, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi, Turkiya Respublikasi Markaziy banki va «Ziraat Bank Uzbekistan» AJ rasmiylari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda bank-moliya sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, Turkiya Respublikasi Markaziy banki ekspertlar guruhi tomonidan Bank-moliya akademiyasi professor-o‘qituvchilari, tinglovchilari va mamlakatimiz bank-moliya tizimi xodimlari uchun “Bank tizimi barqarorligi: siyosat, tahdidlar va imkoniyatlar” nomli qisqa muddatli intensiv kurs mashg‘ulotlariga start berildi.
Intensiv kursning 14-mart kuniga belgilangan dasturiga asosan TMBning Moliyaviy innovatsiyalar departamenti direktori Yuksel Gormez “Digital Money Turkish Lira” mavzusida hamda TMBning Moliya departamenti eksperti Erhan Akkaya “Participation Banks in Turkiye: Legislation, Regulatory Capital and Liquidity” mavzusida taqdimot o‘tkazdilar. Ekspertlar o‘z taqdimotlari davomida mavzulardan kelib chiqib bank-moliya sohasini rivojlantirishning Turkiya tajribasi va xorijiy tendensiyalar xususida ma’lumotlar berib o‘tdilar.
Mashg‘ulotlar davomida Turkiya ekspertlari va ishtirokchilar o‘zaro fikr almashdilar. Intensiv kurs o‘z ishini ertaga, 15-mart kuni ham davom ettiradi.