• LMS
  • E-library
  • O‘qishga qabul
  • FAQ

Yangiliklar

image

Bank-moliya tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokamalar markazida bo‘ldi

Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “Iqtisodiyotning raqamlashuvi sharoitida bank-moliya tizimini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy bank, O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Anjuman jahon moliya-bank tizimi shiddatli raqamlashuv jarayonlari ketayotgan sharoitda Oʻzbekiston moliya-bank tizimining raqobatbardoshligini taʼminlash yoʻlidagi muammolarni muhokama qilish, raqamlashtirishning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari va shunga oid maʼlumotlarni tahlil qilish, bu boradagi oxirgi maʼlumotlar haqida fikr almashish maqsadida o‘tkazildi.

Konferensiyaning ochilish tadbirida Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov, Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov, Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev, Qonunchilik palatasi deputati Nodir Jumayev va boshqalar so‘zga chiqib, raqamli iqtisodiyotni O‘zbekistonda rivojlantirish istiqbollari xususida to‘xtalib o‘tdilar.

Ilmiy-amaliy konferensiya yalpi majlisida “Bank sektorini raqamli transformatsiya qilish va xususiylashtirish masalalari”, “Moliya tizimini raqamlashtirishning asosiy tendensiyalari va ustuvor yoʻnalishlari”, “Raqamli iqtisodiyot sharoitida sugʻurta va pensiyaning dolzarb masalalari va ularni hal qilish yoʻnalishlari”, “Korporativ boshqaruv va moliya bozorini raqamlashtirish asosida investitsion jozibadorlikni taʼminlash”, “Raqamlashtirish sharoitida buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish”, “Oʼzbekistonda islom moliyasi va islom bankchiligini rivojlantirish” kabi dolzarb mavzular keng muhokama qilindi.

Ta’kidlandiki, so‘nggi yillarda iqtisodiyotni rivojlantirishda ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalaming ahamiyati oshib bormoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining paydo bo‘lishi va tarqalishi global iqtisodiyotga shu qadar ta’sir ko‘rsatdiki, natijada yangi bir hodisa – raqamli iqtisodiyot paydo bo‘ldi. Raqamli texnologiyalarning ta‘siri global miqyosda ham, mahalliy darajada ham seziladi. Raqamli iqtisodiyot yangi ishlab chiqarishlarning kombinatsiyasi sifatida global iqtisodiyotning tez o‘sib borayotgan qismidir. Texnologiyalar rivojlanishining hozirgi bosqichida va bozorlaming hozirgi holati sharoitida raqamli iqtisodiyotni maqsad sifatida emas, balki iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirish vositasi sifatida ko‘rib chiqish kerak. Zamonaviy raqamli iqtisodiyot yangi biznes modellarini taklif qiladi va boshqaruv mexanizmlarini o‘zgaruvchan voqelikni aks ettirish uchun o‘zgartirish zarurligini ta’kidlaydi.

Jahon banki hisob-kitoblari ko‘ra, tezkor internet foydalanuvchilarining 10 foizga ko‘payishi yillik YaIM ko‘lamini 0,4 foizdan 1,4 foizgacha oshirishi mumkin ekan.

Shuningdek, raqamli iqtisodiyotning mamlakat YaIMdagi ulushi har yili taxminan 20 foizga o‘sishi (rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 7 foiz atrofida) uning ahamiyatini belgilaydigan ko‘rsatkich sifatida qaraladi.

Iqtisodiyotning raqamli segmentiga tegishli bosh manba – trakzaksion sektorning o‘sishidir. Rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich YaIMning 70 foizdan ortiq miqdorni tashkil etib, davlat boshqaruvi, konsalting va informatsion xizmat ko‘rsatish, moliya, ulgurji va chakana savdo, shuningdek, xizmatlar sohasini birlashtiradi.

Iqtisodiyot diversifikatsiyasi va dinamikasi qanchalik yuqori bo‘lsa, mamlakat ichida va tashqarisida noyob axborotlar aylanmasi shunchalik ko‘p, milliy iqtisodiyotlar ichida axborot trafigi esa shu qadar salmoqli bo‘ladi. Shu bois ishtirokchilar soni ko‘p va IT xizmatlar keng tarqalgan bozorlarda raqamli iqtisodiyot jadal sur’atlarda rivojlanadi.

Konferensiya ishida professor-oʻqituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, magistrantlar, bank, moliya va iqtisodiyot sohasi mutaxassislari ishtirok etib, bank sektorini raqamli transformatsiya qilish, moliya tizimini raqamlashtirishning asosiy tendensiyalari kabi yoʻnalishlar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirib o‘tdilar.