Yangiliklar

image

Yaponiyada stajirovka o‘tash kvotalari soni oshadi

Bugungi kunda Bank-moliya akademiyasi hamda Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti o‘rtasida mustahkam hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tomonlar birgalikda grant loyihalari va ilg‘or tajribalarni o‘rganishga doir turli tadbirlarni amalga oshirib kelmoqdalar.

Amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va istiqbolli vazifalarni belgilab olish maqsadida Bank-moliya akademiyasi rahbariyati Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti ijrochi vitse-prezidenti Kosuke SUZUKI rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va uni kelajakda yanada rivojlantirishga doir muhim masalalar muhokama qilindi.

Ta’kidlandiki, hamkorlikdagi “Markaziy Osiyo va Kavkaz” nomli an’anaviy yozgi maktabni tashkil etish orqali 250 nafarga yaqin O‘zbekistonlik bank-moliya sohasi mutaxassislari Yaponiya hukumatining to‘liq granti asosida kunchiqar yurtda yangi bilimlarni o‘zlashtirdilar va ilg‘or tajribalarni o‘rgandilar.

Uchrashuv davomida mazkur grant loyihasida Bank-moliya akademiyasi tinglovchilari salohiyatidan kelib chiqib, Yaponiya tomoni kvotalar soni 10 taga oshirilganini ma’lum qildi. 

Shuningdek, uchrashuv jarayonida ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish orqali hukumatga ilmiy asoslangan takliflarni kiritish, o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv adabiyotlari fondini kengaytirish kabi faoliyatga doir dolzarb vazifalar bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.

Amaliy tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “O‘zmilliybank” AJ, Bank-moliya akademiyasi hamda Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti o‘rtasida hamkorlikni takomillashtirishga doir uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi sifatida  O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Bank-moliya akademiyasi hamda Yaponiya Moliya vazirligining Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti hamkorligida qo‘shma seminar tashkil etildi. Unda Yaponiya Markaziy bankining To‘lov va hisob-kitob tizimlari departamenti direktori Kazutoshi Sugimura tomonidan “Yaponiya Markaziy bankining raqamli pullar va moliyaviy texnologiyalarga yondashuvi” mavzusida taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, iqtisodchi olimlari va ekspertlari tomonidan “Yuqori davlat qarzi va egizak defitsitga qarshi kurash strategiyasi” hamda “Pandemiyadan keyingi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasi” mavzusi keng yoritib berildi.