Vakillarimiz malaka oshirish uchun Malayziyaga jo‘nab ketdi
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi vakillari Malayziyaning iqtisodiyot va bank-moliya sohasida to‘plagan amaliy tajribasini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan malaka oshirish kursida ishtirok etish uchun Malayziyaning Kuala-Lumpur shahriga jo‘nab ketdi.
Tashrif doirasida ishtirokchilar fiskal boshqaruv, moliyaviy bozorlar, xususan, islom banki va moliyasi hamda investitsion muhitni tartibga solish bo‘yicha ilg‘or tajriba bilan yaqindan tanishadilar. Malayziyaning qator nufuzli moliyaviy institutlariga tashriflar rejalashtirilgan bo‘lib, ular orqali nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy ko‘nikmalar ham shakllantiriladi.
Mazkur malaka oshirish kursi Bank-moliya akademiyasining Malayziyadagi hamkor tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi bank-moliya sohasida ilg‘or tajribalarni o‘rganishga, xalqaro ekspertlar bilan fikr almashishga hamda ilmiy va amaliy bilimlarni chuqurlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli hisoblanadi.